Yaqinni olis qiluvchi yo‘llar qachon ta'mirlanadi?

Jamiyat 20:50 / 13.03.2018 27603

Shu kunlarda xizmat vazifamizdan kelib chiqib, bir murojaat bo‘yicha Samarqand viloyati Nurobod tumaniga borishga to‘g‘ri keldi. “Samarqand-Qarshi” yo‘lidan 4R52 yo‘li orqali tuman markaziga borish uchun atigi 27 km qolganligini yo‘l yoqasiga o‘rnatilgan belgidan bilib olish mumkin. Ha, demak ko‘zlagan manzilimizga oz qoldi. 15-20 daqiqada tuman markazida bo‘lamiz. 

Ammo...chuchvarani xom sanaganligim yo‘l uzra tuman markazi tomon ketarkanman, bilina boshladi. Yo‘lning juda ham xarob ahvolda ekanligi sababli 27 km masofani naq 50 daqiqada bosib o‘tdik. Bu yo‘lda ketarkanmiz, nima uchun tuman hokimligiga borayotganimiz bir muddat yoddan ham ko‘tarildi. Albatta, boraverishda yo‘l chetlariga shag‘al to‘kilganini ham qayd etishimiz joiz. Biz suhbatlashgan mahalliy aholi vakillaridan birining so‘zlariga ko‘ra, har yili bahor mavsumida xuddi shu tarzda, ya'ni shag‘al yotqizilib, chuqurlar to‘ldiriladi va shu bilan ta'mirlash amalga oshiriladi. Bir-ikki marta yomg‘ir yaxshilab yoqqanidan so‘ng, shag‘aldan asar ham qolmaydi. 

Nurobod tuman hokimligida hokimning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Abdurazzoqov bilan uchrashdik. Unga qilgan ilk murojaatimiz ham aynan shu yo‘l masalasi bo‘ldi.

Sh.Abdurahmonov 4R52 “A-378 avtoyo‘li Sariko‘l q.-Nurobod sh.-Sepki q.-Qarnab q.-Navoiy sh.” Avtomobil yo‘lining 0-27 km.lik holati juda achinarli ekanini tan olar ekan, mazkur yo‘l va 4R53 “Nurobod sh.-Nurbuloq sh.-Ishtixon sh.” avtoyo‘lining 0-31 km masofasi ham qoniqarsiz va ta'mirga muhtojligini qayd etdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika ishchi guruhining 2018 yil 26 fevral kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishida ushbu yo‘llarni ta'mirlash masalalari ham muhokama qilingan. Unda Samarqand, Kattaqo‘rg‘on va tumanlardagi ichki xo‘jalik yo‘llarini joriy ta'mirlash bo‘yicha manzilli ro‘yxati tasdiqlangan hamda 4R52 “A-378 avtoyo‘li Sariko‘l q.-Nurobod sh.-Sepki q.-Qarnab q.-Navoiy sh.” avtomobil yo‘lining 0-27 kilometri va 4R53 “Nurobod sh.-Nurbuloq sh.-Ishtixon sh.” avtoyo‘lining 0-31 km masofasi joriy ta'mirlanishi belgilangan. Tuman hokimligi qurilish ishlari bo‘yicha bo‘limi bosh mutaxassisi Navro‘z Rahmonov bizga taqdim qilgan hujjatda bu narsa qayd etilgan edi. 

Sayyor guruhimiz mahalliy yo‘l masalasida Jomboy tumani Qoramo‘yin MFY hamda “Qo‘rg‘onsolomon” MFY G‘arg‘ali qishlog‘idan tushgan murojaat bo‘yicha shu tumanga ham bordi. Ma'lum bo‘lishicha, G‘arg‘ali qishlog‘iga olib boruvchi yo‘lning bir qismiga davlat dasturi asosida asfalt qoplama yotqizilgan, ammo negadir bevosita qishloqqa kiruvchi qismi tosh yotqizilganicha qolib ketgan. 

Qoramo‘yin MFYning Beshbola qishlog‘idan Boyto‘p va Saboloq qishloqlariga olib boruvchi yo‘lning ham dastlabki bir necha kilometridagi o‘ydim-chuqur joylari ta'mirdan chiqarilganiga qaramay, qolgan qismi achinarli holatda ekaniga guvoh bo‘ldik. Biz mazkur muammolar bo‘yicha Jomboy tuman hokimligiga murojaat qilganimizda ushbu yo‘l ham 2018 yilgi ta'mirlash dasturiga kiritilganini aytishdi. Biroq taqdim qilingan hujjatni o‘rganganimizda “nuqsonlar qaydnomasi”dan boshqa narsa emasligi ma'lum bo‘ldi. Biroq tuman hokimi Umidjon Nazarovning birinchi o‘rinbosari Anvarjon Suyunov mazkur yo‘llar ta'mirdan chiqarilishini ta'kidladi.

KUN.UZ tahririyati Nurobod va Jomboy tumani hokimliklari bergan va'dalariga muvofiq, mahalliy yo‘llar ta'mirini qay darajada amalga oshirgani mavzusiga yana qaytadi.

Ko‘proq yangiliklar: