Xitoy hukumati qisman o‘z moliyaviy bozorini ochish hisobiga asta-sekinlik bilan yuanning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga harakat qilmoqda. Bu haqida Xitoy xalq banki rahbari Chjou Syaochuan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
"Yuanning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish jarayonida hozirda uni savdo va sarmoyalarda qo‘llash imkonini beruvchi yetarlicha chora-tadbirlar qabul qilindi. Bundan tashqari, yuan SDR valyutalari savatiga kiritilgan. Asosiy choralar ko‘rib bo‘lingan", - dedi Chjou Syaochuan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon bozori ishtirokchilari hisoblashishda yuanga o‘tishi uchun yetarlicha vaqt kerak bo‘ladi. Biroq Xitoy yuanning qadrini oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘radi. "Biz hech kimni majburlay olmaymiz, qarorlar shaxsiy nuqtai nazardan kelib chiqib qabul qilinadi", - deya ta'kidladi Xalq banki rahbari.
Xalqaro valyuta fondi 2015 yilning noyabrida 2016 yilning 1 oktabridan yuanni SDR savatiga qo‘shishga doir qarorni qabul qilgandi. Unga qadar dollar, yevro, funt sterling va iyena ushbu savatdan o‘rin olgan.