Toshkentda Marketing va reklama Haftaligi boshlandi. Uning yirik tadbirlari: Marketing Konferentsiyasi, Marketing va reklama ko‘rgazmasi, ADWEEK reklama Tanlovi hamda Innovatsion yarmarka, workshop va panelli munozaralar.
Marketing va reklama haftaligini OAV vakillari uchun Milliy matbuot markazidagi bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumani ochib berdi. Haftalik tashkilotchilari va ekspertlari International mehmonxonasida bo‘lib o‘tadigan ADWEEK faoliyati, dasturlari, mehmonlari va yangiliklari haqida so‘zlab berdilar.
ADWEEK doirasida 27 fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda mahorat darslari va keng miqyosli Innovatsion yarmarka o‘tkaziladi. Tashkilotchilar “Sayyohlik mahsulotlari marketingi” mavzusini muhokama qilish istagida bo‘lganlarni o‘sha kuni kechqurun GroundZeroga taklif etadilar.
Marketing va reklama Ko‘rgazmasini o‘tkazishdan maqsad quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha marketing bozori asosiy ishtirokchilarining erishgan yutuqlarini namoyish etish va raqobat ustuvorliklarini yanada rivojlantirishdan iborat: reklama ishlab chiqaruvchi agentliklar, dizayn-studiyalar, web-studiyalar, matbaa korxonalari, media agentliklari, marketing agentliklari, video mahsulotlar, suvenir (esdalik) mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari va boshqalar. Ko‘rgazma uch kun davom etadi (2018 yil 28 fevraldan – 02 martgacha) va u ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.