Metall 3D-bosma, sensorli shaharlar va uglerodsiz tabiiy gaz - MIT Technology Review jurnali maxsus maqola e'lon qildi.
3D-bosma avvaldan ma'lum texnologiya, biroq uni hozirgacha faqatgina ba'zi dizaynerlar kamyob nusxalarni yaratish uchun qo‘llab kelmoqda. Bundan tashqari, bunday bosma plastikda qilinadi – avval uning uchun boshqa materiallar, jumladan metallni ham qo‘llash qimmat bo‘lgan. Hozir, nashrning ta'kidlashicha, metall bosma ancha arzon bo‘ldi, u katta ishlab chiqarish jarayonlarida foydalanilmoqda. Bu texnologiya, mualliflarning fikricha, sanoatni butunlay o‘zgartiradi. Masalan, zararlangan avtomobilga ehtiyot qismini ishlab chiqarish uchun fabrikalarga bir necha murakkab stanoklarni o‘rnatish talab etilmaydi - 3D-printerning o‘zi yetarli bo‘ladi.
Kelajakda ba'zi detallarni ishlab chiqarish bilan cheklanuvchi katta zavodlar o‘rniga yangi mahsulot turlarini osonlik bilan ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan fabrikalar keladi. 2017 yilda Markforged kompaniyasi metall bosma uchun narxi 100 ming dollardan past bo‘lgan ilk 3D-printerni taqdim etdi. General Electric esa yirik metall detallarni ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan printerni sinovdan o‘tkazmoqda. Kompaniya bunday printerlarni 2018 yildayoq ishlab chiqarishni boshlashi mumkin.
Sensorli shaharlar
Alphabet holdingiz bo‘linmasi - Sidewalk Labs kompaniyasi – Kanada hukumati bilan birgalikda Toronto shahrida Quayside «aqlli» shahri loyihasini ishlab chiqmoqda. Shahar mavzelarida o‘rnatilgan sensorlar atrof-muhit haqida ma'lumotni yig‘adi – havo sifati va shovqin darajasidan to fuqarolar nima bilan bandligiga qadar. Yangi turdagi shaharlarda barcha transport avtomatlashtirilgan bo‘ladi, ulardan istalgan odam foydalanishi mumkin. Pochtani yetkazib berish kabi yengil vazifalar robotlar tomonidan bajariladi. Sidewalk Labs boshqa dasturchilarga shahar tizimlariga yo‘l ochib berishni rejalashtirmoqda, bu ular o‘z servislarini o‘sha asosda ishga tushirishi uchun kerak. Agarda Torontodagi tajriba muvaffaqiyatli bo‘lsa, kompaniya boshqa shaharlarda ham shunday tizimlarni joriy etadi. Loyihani 2019 yilga qadar amalga oshirish mo‘ljallangan.
Barcha uchun sun'iy idrok
«Sun'iy idrok texnologiyalarini asosan Amazon, Baidu, Google va Microsoft kabi yirik kompaniyalar hamda ba'zi startaplar qo‘llaydi. Qolganlar uchun bunday tizimlarni tatbiq etish juda og‘ir va qimmat bo‘lmoqda», - deb yozadi nashr. Biroq bulutda sun'iy idrok texnologiyalari paydo bo‘lishi bilan ulardan ko‘proq ishlab chiqaruvchilar foydalanishi mumkin bo‘ladi, deb hisoblaydi MIT Technology Review. Bu sohadagi yechimlar orasida - Amazon Web Services, Google Cloud va Microsoft Azure’dan sun'iy idrok tizimlarini amalga oshirish uchun vositalar. Hozircha sun'iy idrok asosidagi tizimlar faqat texnologiya sanoatida qo‘llanilmoqda, biroq yaqin kelajakda algoritmlar tibbiyot, energetika, sanoat kabi sohalarda ham qo‘llanilishi mumkin.
Neyron tarmoqlar - duelyantlar
«Sun'iy idrok texnologiyasi farqlashga aloqador barcha narsada yaxshi – algoritmga millionta tasvirni ko‘rsating, hamda u ularning qaysi birida ko‘chadan o‘tayotgan piyoda bor ekanini aniq topadi. Tasvirlar generatsiyasi masalalarida sun'iy idrok texnologiyalari hozircha ishonchni oqlagani yo‘q – ular piyodalarni mustaqil ravishda chiza olmaydi: buning uchun tasavvur kerak». Olimlar ushbu muammoni hal qilish yo‘lini birinchi marta 2014 yilda taklif etishdi. Generativ-bahslashuvchi tarmoq (GAN) deb ataluvchi model o‘z ichiga ikkita neyron tarmoqni qamrab oladi. Ulardan biri ko‘rgan narsasi asosida tasvirni yaratadi – masalan, uchta qo‘lli piyodani chizadi. Boshqasi tasvirni haqiqatga naqadar mos ekanini baholaydi. Bunday tarmoqlar nafaqat tasvirni yaratishi mumkin, balki nutqni ham yuzaga keltirishga qodir. MIT Technology Review’ning ta'kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda ko‘plab kompaniyalar GAN bilan sinov ishlarini o‘tkazishmoqda – demak, texnologiya yaxshilanib bormoqda.
Bir zumda amalga oshiriluvchi tarjima
Google 2017 yilning kuzida Google Assistant yordamchisiga ega Pixel Buds quloqchinlarini 159 dollarlik narxda taqdim etdi. Ularning yordamida suhbatni bir zumdalik tarjima bilan tashkil etish mumkin: bir suhbatdosh quloqchinlardan foydalanishi kerak, boshqasi - Google Pixel smartfonidan. Pixel Google Translate’dan tarjima qilingan nutqni quloqchinlarga va ulardan translyatsiya qilishi mumkin, shu tariqa bir tilda gaplasha olmaydigan insonlarga muloqot qilish imkonini yaratadi.
Google Translate’ning iOS hamda Android uchun ilovasida muloqot uchun alohida funksiya bor: uni yoqib, ikki suhbatdosh bir biri bilan shunchaki gaplashishi mumkin, servis esa tilni avtomatik aniqlaydi va so‘zlarni tarjima qilib turadi. Ilovaga yaxshi ishlash uchun xalaqit beradigan muammolardan biri – fon shovqini. U nutqni farqlashni qiyinlashtirishi mumkin. Pixel Buds bu muammoni bir tugma hisobidan hal qilmoqda, uni foydalanuvchi gapirayotgan paytida ushlab turadi. «Albatta, hozircha quloqchinlar juda jozibador ko‘rinishga ega emas, biroq dizayn bilan muammolarni hal qilsa bo‘ladi», - deya xulosa qilgan MIT Technology Review.
Uglerodsiz tabiiy gaz
Tabiiy gaz – butun dunyoda energiyaning eng asosiy va eng arzon manbalaridan biri. Garchi tabiiy gaz ko‘mirdan tozaroq bo‘lsa ham, u sayyora atmosferasiga juda katta hajmlarni chiqarib tashlaydi. Amerikaning uch kompaniyasi - 8 Rivers Capital, Exelon Generation hamda CB&I – tabiiy gazdan energiyaning «toza» manbasini yaratish bo‘yicha loyiha ustida ishlash uchun birlashishdi. Tadqiqotchilar Net Power texnologiyasini sinovdan o‘tkazishmoqda, u yoqilg‘i ishlab chiqarish jarayonidayoq barcha ifloslantiruvchi elementlarni yutib yuboradi. Ularning taxminicha, ishlanma yaqin uch-besh yilda keng qo‘llanila boshlanadi.
Tarmoqdagi maxfiylik
«Haqiqiy maxfiylik vanihoyat real holatga aylanishi mumkin – nol darajadagi oshkoralik protokoli tufayli (zero-knowledge proof)», - deya yozadi MIT Technology Review. Bu protokol ma'lumotlarni shaxsiy ma'lumotni oshkor etmay uzatish imkonini beradi: masalan, foydalanuvchi o‘z tug‘ilgan yilini ko‘rsatmay turib, 18 yoshdan oshganini tasdiqlashi mumkin. Bunday tizimni Zcash anonim kriptovalyutasi blokcheyn-loyihasi amalga oshirib bo‘ldi. Ethereum yaratuvchisi Vitalik Buterin Zcash’ni bozorni o‘zgartiruvchi texnologiya, deb atadi.
Taxmin qilinuvchi genetika
«Tug‘ruqxonada yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning genomi xaritasi hisobot bilan taqdim etiluvchi kun keladi, hisobotda bolaning kelajakda infarkt yoki onkologik xastalikka chalinishi ehtimoli, yoki boshqalardan aqlliroq bo‘lishi mumkin ekani yozib qo‘yiladi». DNK-testlar butun dunyo bo‘ylab kompaniyalar tomonidan o‘tkazilmoqda, biroq hozircha, nashrning fikricha, ularning taxmini ideal aniqlikka ega emas. Ular faqat u yoki bu xastalik rivojini ochiqlaydi, biroq kasallikni uning rivojlanish ehtimoli past bo‘lgan odam ham o‘zida aniqlashi mumkin. Bundan tashqari, ma'lumotga ega bo‘lganlar undan qanday qilib foydalanishi hozircha noma'lum – bu masala tadqiqotchilarda savol uyg‘otadi.
Yaqinda, deb taxmin qilmoqda MIT Technology Review, DNK-testdan sayyoraning har bir fuqarosi foydalanishi mumkin – texnologiya kelajagi «ham qiziqarli, ham xavotirli».
Kvant kompyuterlar
Kvant kompyuterlar, deya ta'kidlaydi nashr, bugungi texnologiyalarning kuchi yetmaydigan hisob-kitoblarni amalga oshirishi mumkin. Ular besh-o‘n yildan so‘ng paydo bo‘ladi, biroq hozircha insonlar bunday quvvat qayerda qo‘llanilishi mumkin ekanini oxirigacha tushunmayapti. «Kimyogarlar katta qiziqishda: oddiy kompyuterda molekulalarni modellashtirish juda mushkul. Olimlar kvant hisob-kitoblar qilish imkoni paydo bo‘lsa, yanada samarali dorilar va boshqa birikmalarni ishlab chiqishga kirishishi mumkin», - deya yozadi MIT Technology Review.