Apple korporatsiyasi 2018 yilning bahorida o‘z xodimlari va ularning oila a'zolari uchun tibbiyot klinikalarini ochadi. Bu haqida CNBC telekompaniyasi xabar berdi.
Ta'kidlanishicha, tibbiy muassasalar tarmog‘i AC Wellness nomini olgan. Hozircha faqat Apple shtab-kvartirasi joylashgan Kaliforniya shtati Santa-Klara okrugida ikki klinika ochish rejalashtirilmoqda. Manbada qayd etilishicha, loyiha sayti allaqachon ishga tushirilgan, unda tarmoqning bo‘lg‘usi xodimlari uchun vakansiyalar joylangan.
Telekompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, Apple klinikalari korporatsiya yangi tibbiy mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish va rivojlantirish uchun platforma vazifasini o‘taydi.
Bugunga qadar Stenford universiteti bilan insonning yurak-qon tomirlari faoliyatida buzilishlarni qayd etish borasida Apple Watch soatlari imkoniyatlarini tadqiq qilishga doir qo‘shma loyiha mavjud.