Kelajakda robotlar turli vazifalarni bajarishda insonlar o‘rnini egallashi mumkinligiga hamma har xil munosabatda bo‘lishi mumkin. Biroq hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni robotlashtirilgan mexanizmlarga topshirgan ma'qul. Bu sohada ishlanmalar talaygina, ulardan biri Italiya texnologiya instituti muhandislari "mahsuloti" - WALK-MAN o‘t o‘chiruvchi roboti. Bu robot yaqinda real sharoitlarga yaqin muhitda ilk sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Ta'kidlash joizki, WALK-MAN mustaqil harakatlana olmaydi: uning xatti-harakatlari uchun xavfsiz masofada joylashgan operator javob beradi. Robot tuzilmasi unga o‘t o‘chirishing deyarli barcha vositalaridan foydalanish imkonini beradi. Robotning boshida lazer skaneri, bir necha videokamera va mikrofon joylangan bo‘ladi - bu operatorga ma'lumotlarni uzatish uchun sharoit yaratadi. Harakatlanish uchun tananing turli qismlarida joylangan 32 dvigatel qo‘llanadi, qo‘l-oyoqlarida esa ularga tushayotgan mexanik yukni o‘lchovchi datchiklar o‘rnatilgan. Bundan tashqari, mashina muvozanatni ushlashga yordam beruvchi akselerometrlar bilan ham jihozlangan.
WALK-MAN'ning bo‘yi - 185 sm, og‘irligi - 102 kg. U bir qo‘lida 10 kg'gacha bo‘lgan yukni ko‘tara oladi. Akkumulyatorning bir martalik zaryadi robotning ikki soat davomida tinimsiz ishlashi uchun yetadi.