Xitoylik tadbirkor Daimler’ning eng yirik aksiyadoriga aylandi

Iqtisodiyot 00:36 / 25.02.2018 11909

Xitoyning Geely kompaniyasi rahbari Li Shufu Mercedes Benz mashinalarini ishlab chiqaruvchi Daimler avtomobilsozlik konsernining 9,69 foiz aksiyasini o‘zida jamlay oldi. 

Xitoylik sotib olgan aksiyalarning narxi 9 mlrd dollarni tashkil qiladi. Tadbirkor o‘z qarorini  nemis konserni bilan elektromobillar va haydovchisiz mashinalar yaratish sohasida alyans tashkil etish istagi bilan tushuntirgan.

Ma'lum qilinishicha, Geely egasi Daimler kompaniyasi Tesla, Google va Uber olib borayotgan texnologik poygada “omon qolishi”ga umid qilmoqda. Bundan tashqari, Li Shufu Xitoyda qo‘llash uchun Daimler’ning ekologik sof avtomobillarni yaratish sohasidagi ishlanmalarini qo‘lga kiritmoqchi. 

Li Shufu

Daimler’da xitoylikning aksiyalarni sotib olgani ijobiy qabul qilingan va innovatsiyalarga qiziqish bildiruvchi va konsernga olg‘a borishda yordam berishi mumkin bo‘lgan yangi sarmoyachi iliq qarshi olingan. 

Avvalroq ham Zhejiang Geely kompaniyasi  yirik avtomobilsozlik kompaniyalariga pul tikkan. Jumladan, kompaniya Malayziyaning Proton kompaniyasining 49 foizini hamda Volvo Trucks’dan 3,3 mlrd dollarlik aksiya sotib olgan.

Thomson Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, Li Daimler’ning eng yirik aksiyadoriga aylandi. Uning ulushi Kuvayt investitsion fondinikidan ham ko‘proqni tashkil qilmoqda. Fondga 2017 yil sentabrda Daimler’ning 6,8 foiz aksiyasi tegishli bo‘lgan. Kompaniyaning 69 foiz aksiyasi yuridik va xususiy sarmoyachilar orasida taqsimlangan.

Ko‘proq yangiliklar: