Abdulaziz Komilov Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston 21:00 / 23.02.2018 9317

23 fevral kuni Moskva shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Rossiya kun tartibidagi asosiy masalalar hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

2017 yili ikki mamlakat o‘rtasida faol muloqot kuzatilgani ta'kidlandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4-5 aprel kunlari Rossiyaga bo‘lgan davlat tashrifi va Prezident Vladimir Putin bilan muzokoralar olib borgani muhim voqea bo‘lgani qayd etildi.

Vazirlar oliy va boshqa darajalardagi ikki tomonlama kelishuvlarni tadbiq etish bo‘yicha amaliy qadamlarga alohida e'tibor qaratishdi.

Suhbatda mintaqaviy xavfsizlikka, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatga jiddiy e'tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli xalqaro konferensiya muhim rol o‘ynashi lozimligi qayd etildi.

Uchrashuvda Rossiya tomoni Toshkent konferensiyasining muvaffaqiyatli o‘tishidan manfaatdor ekanligini va unda yuqori darajada ishtirok etishini tasdiqladi.

Muzokaralar yakunida vazirlar tomonidan 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi Hamkorlik dasturi imzolandi.

Shuningdek, Abdulaziz Kamilov va Sergey Lavrov OAV vakillari uchun qisqa chiqish qilishdi va jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

Ko‘proq yangiliklar: