Kasb-hunar kollejlari bazasida bo‘sh ish o‘rinlari va biznesni boshlashga ko‘maklashishga doir yarmarkalar o‘tkaziladi

O‘zbekiston 23:03 / 22.02.2018 4884

2018 yilning 21 fevralida O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining "Kasb-hunar kollejlari bazasida bo‘sh ish o‘rinlari va o‘z biznesini boshlashga ko‘maklashish yarmarkalarini o‘tkazish bo‘yicha namunaviy reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida"gi buyrug‘i taqdim etildi. 

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik bosh boshqarmalari tomonidan har yili 15 yanvargacha tegishli hududdagi tumanlar kesimida yarmarkalarni o‘tkazish bo‘yicha reja-jadval ishlab chiqiladi. U Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi hamda 20 yanvarga qadar tegishli tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga yuboriladi. 

Mazkur reja-jadval asosida Markaz tomonidan tegishli mahalliy ijroiya hokimiyati organi bilan birgalikda yarmarka tashkil etilishdan kamida bir oy oldin uni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Dasturda yarmarka tashkilotchisi, o‘tkaziladigan joy manzili, sanasi, vaqti, ishtirokchilar haqidagi ma'lumot ko‘rsatiladi. 

Yarmarkada qatnashish istagida bo‘lganlar yarmarka boshlanishidan kamida 5 kun oldin yarmarka tashkilotchisiga tegishli bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotni, mavjud mini texnologiyalar, tijorat krediti turlari, shuningdek o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan shaxslarni qiziqtiradigan boshqa ma'lumotlarni taqdim etadi. 

Ta'kidlash joizki, hujjatga ko‘ra, yarmarka tuman (shahar) markazlaridagi tadbirlarni tashkil qilish uchun zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan binolarda o‘tkaziladi. 

Yarmarka o‘tkazish vaqti - soat 9:00 dan 18:00 gacha. Yakashanba kuni yarmarka o‘tkazilmaydi, qolgan kunlar ko‘rsatilgan vaqtda faoliyat yuritadi. 

Mazkur buyruq e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi. 

Hujjatning to‘liq matni bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi saytida tanishishingiz mumkin. 

 

Ko‘proq yangiliklar: