Ispaniya va Angliya to‘qnashuvi: 2-raund

Sport 18:20 / 21.02.2018 13811

Bugun Yevropa Chempionlar Ligasida nimchorak finalning so‘nggi juftliklari dastlabki bahsda maydonga tushishadi. «Shaxtyor» o‘z maydonida «Roma»ni qabul qilsa, «Sevilya» «Ramon Sanches Pesxuan»da «Manchester Yunayted»ni qabul qiladi. 
E'tiboringizga ko‘pchilik tomonidan qiziqish bo‘ladigan ikkinchi juftlik haqida bilganlarimizni havola qilamiz.

UChRAShUVLAR TARIXI
Bu ikki jamoa hech qachon rasmiy o‘yinlarda kuch sinashishmagan. «Sevilya» va «Manchester Yunayted» o‘rtasidagi yagona uchrashuv o‘rtoqlik maqomida bo‘lib, 2013 yilning yozida bo‘lib o‘tgan va o‘sha o‘yinda ispanlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgan.

Umuman «Manchester Yunayted»ning ispan jamoalariga qarshi  u qadar yaxshi statistikaga ega emasligini qayd etish mumkin. Xususan, Manchester klubi ispan jamoalariga qarshi o‘tkazgan so‘nggi 14 uchrashuvda atigi 7 gol urgan xolos. Bu o‘yinlarning birortasida ham «Manchester Yunayted» 1 dan ortiq gol urishni uddalay olmagan.

Shu bilan birgalikda, inglizlarni xursand qiladigan fakt ham bor – «Sevilya» Yevropa Chempionlar Ligasida doirasidagi pley-offlarda o‘z maydonidagi o‘yinlarda darvozasini quruq saqlay olmagan. Mehmonlar doim gol urishga muvaffaq bo‘lishgan.

«Sevilya» guruh bosqichida boshqa bir ingliz jamoasi – «Liverpul» bilan bir guruhda to‘p surdi. «Enfild»dagi o‘yinda tomonlar 2:2 ga «rozi bo‘lishdi», Sevilyadagi o‘yinda esa, mezbonlar 0:3 hisobida orqada borayotib, vaziyatni tenglashtirishning uddasidan chiqishgandi. 

JAMOALARNING BUGUNGI HOLATI
«Sevilya» shu oyning boshida kutilmaganda, «Eybar»da 1:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.  Ammo keyingi uch o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozondi va beshinchi o‘ringa ko‘tarilib olish bilan birga, yo‘l-yo‘lakay Ispaniya kubogi finaliga ham chiqdi. Yanvar oyida andalusiyaliklarning kubok chorak finalida «Atletiko» kabi kuchli raqib ustidan ikki marta g‘alaba qozonganini ta'kidlash joiz.

«Manchester Yunayted» ham so‘nggi o‘yinini mamlakat kubogi doirasida o‘tkazdi va «Haddersfild» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Umuman, yangi yilda Mourino jamoasi himoyada ancha ishonchli o‘ynab, pragmatik natijalar qayd etayotganini aytish kerak. Jamoa so‘nggi 10 uchrashuvning 8 tasida o‘z darvozasini daxlsiz saqlay oldi. Shu bilan birga, APLdagi so‘nggi ikki safar o‘yinida «Manchester Yunayted» mag‘lubiyatga uchragani e'tiborga molik.

Mana shu ikki muvaffaqiyatsiz natija oqibatida jamoa atrofida salbiy muhit yuzaga keldi va hatto Joze Mourino va jamoa yetakchisi Pol Pogba o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqaldi. «Nyukasl»dagi o‘yinda muddatidan oldin almashtirilgan va «Haddersfild»da betob bo‘lib qolgani aytilib, maydonga tushmagan Pogbaning mashg‘ulotlarga qaytgani aytilmoqda va katta ehtimol bilan u bugun maydonga tushadi.

Jamoalarning sport formasi haqida to‘xtalayotganda, yana bir jihatni aytib o‘tish kerak. Yanvar-fevral oylarida La Liga va Qirollik kubogi taqvimi juda zich ko‘rinish oladi, bu oylarda ispan klublari juda ko‘p o‘yinlarda maydonga tushadilar. Yuqorida aytilganidek, «Sevilya» Ispaniya kubogi yarim finalida ham o‘ynaganini e'tiborga olsak, Montella shogirdlari so‘nggi 45 kunda 14-o‘yinda maydonga tushmoqdalar. Bu deyarli har uch kunda bittadan o‘yin deganidir. «Boksing dey»dagi zich taqvimdan qutulgan inglizlar esa, aksincha, tur o‘yinlarida bir qator tanaffusga ega bo‘lishadi. Natijada, xuddi shu 45 kunda «Manchester Yunayted» 8 o‘yinda maydonga tushdi xolos. Ya'ni bu tarafdan «Sevilya»da muammolar yuzaga kelishi turgan gap.

TARKIBLAR
O‘sha muammolar asosan optimal tarkibni yig‘ishda yuzaga keladi.  «Sevilya»ning yetakchi futbolchilari Muriel, Nolito, Banega va Korrea kabi futbolchilar jarohatlangandi. Bu nomlar ichida ayniqsa Ever Baneganing o‘rni mezbonlarga juda bilinishi mumkin. Argentinalik futbolchining tiklanib, mashg‘ulotlarga qaytgani aytilmoqda, balki, Montella uni bugun asosiy tarkibda tushirishi mumkin. Shuningdek, himoyachi Korshyaning ham maydonga tushmasligi aniq.

Joze Mourino Ispaniyaga 21 futbolchini olib keldi. O‘tgan o‘yinda kichik jarohatlar tufayli qatnasha olmagan Valensiya va Reshford ham tarkibga qaytgan, Zlatan Ibrahimovich ham tiklangan bo‘lsa-da, Angliyada qoldi. Fellayni, Jons, Roxo va Blind bu o‘yinda aniq maydonga tushishmaydi.

Pol Pogba tarkibga qaytsa kerak, ammo Mourino nihoyat 4-3-3 ga qaytib, Matichga sherik sifatida yosh MakTommineyni tushiradimi yoki Pogba yana 4-2-3-1 da tayanch yarim himoyachilardan biri bo‘ladimi, hozirdan aytish qiyin. Katta ehtimol bilan, uchrashuvning muhim ekanini e'tiborga olib, Mourino ancha ehtiyotkor yondoshishi va uch yarim himoyachi bilan harakat qilishini kutsa bo‘ladi.

Tahminiy tarkiblar:
Sevilya:
 Riko – Merkado, Kyayer, Lengle, Eskudero – Nzonzi, Pisarro – Navas, Vaskes, Sarabiya — Ben Yyedder
Manchester Yunayted: De Xea – Valensiya, Bayi, Smolling, Yang – Maktomminey, Pogba, Matich – Mata, Lukaku, Sanches

QIZIQARLI FAKTLAR
•  «Sevilya» YeChL da o‘z maydonidagi  18 o‘yinning 13 tasida g‘alaba qozongan. Ya'ni 72 foiz o‘yinlarda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u faqat «Real» va «Barselona»da orqada.
•  YeChL ning ushbu mavsumida «Sevilya» tomonidan urilgan gollarning yarmi Ben Yyedderga tegishlidir. 
•  Mourino murabbiy sifatida «Sevilya»ga qarshi o‘tkazgan 8 o‘yinning 7 tasida g‘alaba qozongan. Bir mag‘lubiyat. To‘plar nisbati – 23-6
•  «Manches ter Yunayted» so‘nggi bor 1/8 finalda ispan jamoasiga duch kelganida mag‘lubiyatga uchragan. 2012/13 mavsumida «Real» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra inglizlarni kurashdan chiqarib yuborgandi. 
•  Bu ikki klub Yevropa Ligasining so‘nggi ikki mavsumi g‘oliblari hisoblanishadi. 

O‘YIN OLDIDAN

Vinchentso Montella: Men murabbiy sifatida Joze Mourinoning qarshisiga raqib o‘laroq chiqayotganimdan baxtiyorman. Men uni o‘z ishining ustasi va taktika va sxemalar borasida o‘z qarashlarini yaratgan inson sifatida hurmat qilaman. Men uning yozganlarini, u haqida yozilganlarni hammasini o‘qiganman va uning jamoalari ko‘rsatgan o‘yinlardan ko‘p narsa o‘rganganman. Aynan nimaning hisobiga uni mag‘lub etishim mumkinligini aytishim qiyin, ko‘proq shogirdlarim haqiqiy ma'noda qahramonlik ko‘rsatishlaridan umid qilaman. 

Joze Mourino: Chempionlar Ligasida g‘olib chiqish haqida chorak finallar bosqichida o‘ylay boshlash mumkin. Hozir bunga hali uzoq. Hozircha biz oldimizda kutib turgan qiyin to‘qnashuv haqida o‘ylash mumkin. Oson bo‘lmasligi aniq. Montella – italiyalik, har qanday italiyalik murabbiy singari u ham jamoasini tartibli himoyalanishini ta'minlashi shubhasiz. Biz g‘alaba qozonish uchun eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak bo‘ladi.


Qahramon Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: