Bloomberg axborot agentligining ma'lum qilishicha, Apple kompaniyasi kobalt metallini bevosita uni qazib oluvchilardan sotib olish bo‘yicha ilk bor muzokaralar olib bormoqda. Kompaniya ushbu metalldan bir necha yuz ming tonna sotib olmoqchi.
AQSh kompaniyasi aynan kimlar bilan muzokaralar olib borayotgani ma'lum qilinmagan. Manbaning ma'lum qilishicha, ushbu masala bo‘yicha maslahatlashuvlar bir yildan beri davom etmoqda va u natijada muvaffaqiyatli yakunlanishiga hech qanday kafolat yo‘q.
Kobalt Apple’ga akkumulyatorlar ishlab chiqarish uchun kerak. Dunyoda olinuvchi kobaltning chorak qismi smartfonlar ishlab chiqarishda qo‘llanadi.
Metallning bevosita uni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomondan yetkazilishi unga talab oshgan bir paytda metallni uzilishlarsiz yetkazib berishni ta'minlaydi.
Ushbu metall narxi oxirgi 1,5 yil ichida unga elektromobil ishlab chiqaruvchilar tomondan talab oshgani sabab 3 barobarga oshgan. Kobalt uchun “kurashga” elektromobillar tarmog‘ini rivojlantirmoqchi bo‘layotgan BMW va Volkswagen ham qo‘shilgan. Smartfon batareyasi uchun bor-yo‘g‘i 8 gramm kobalt kerak bo‘lgan bir paytda, elektromobil batareyasiga ushbu metalldan bir kilogramm kerak bo‘ladi.
Hozirda kobalt yetkazib beruvchi asosiy davlat Kongo hisoblanadi. Uning hisobiga dunyoda olinadigan kobaltning 60 foizi to‘g‘ri keladi. Apple bir necha yil avval bevosita Kongo bilan ishlamoqchi bo‘lgan, biroq Amnesty International huquqni himoyalash tashkilotining Afrikadagi kobalt konlarida bolalar mehnatidan foydalanilishi haqidagi ma'ruzasidan keyin “chetda turishni” afzal ko‘rgan.