Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi 15,36 Tb (terabayt) hajmga ega qattiq saqlagichni (SSD) taqdim qilgandi. Ushbu saqlagich ma'lumotlarni saqlashning korporativ tizimlari uchun mo‘ljallangan.
Mana 2 yil o‘tib Samsung 30 Tbga ega yangi saqlagichni chiqarishini e'lon qildi.
Yangi saqlagich 512-gigabitli chiplar bazasida qurilgan. Saqlagich 30,72 Tb xotiraga ega va ma'lumotlarni o‘qish va yozish tezligini mos ravishda 2100 Mb/s va 1700 Mb/s da taklif qiladi.
Samsung’ning aytishicha, SSD seriyasida “odmiroq” modellar ham namoyish qilinadi: 15,36 Tb, 7,68 Tb, 3,84 Tb, 1,92 Tb, 960 Gb va 800 Gb.
Kompaniya hozircha yangi saqlagichning narxini e'lon qilmagan. Biroq 15,36 Tb sig‘imga ega saqlagich 10 ming dollar turishi va o‘sha vaqtdan beri xotira narxi sezilarli oshgani sababli yangi saqlagichning narxi 30 ming yoki 40 ming dollarni tashkil qilishi mumkin, deb aytish mumkin.
SSD (Solid state drive) – oddiy qattiq diskdagi kabi harakatlanuvchi elementlari bo‘lmagan xotira saqlagichdir. SSD’da ma'lumotni saqlash uchun flesh-xotira ishlatiladi. Oddiy so‘z bilan aytganda, SSD katta fleshkadir.