Turkiya Suriyaga urush bilan tahdid qildi

Jahon 20:49 / 19.02.2018 11393

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘lu agar Suriya armiyasi Afrinda kurd tuzilmalariga ko‘mak bersa, unga qarshi harbiy harakatlar amalga oshirish bilan tahdid qildi. 

Chavusho‘g‘luning aytishicha, Anqara Suriya hukumat qo‘shinlari Afrinni suriyalik kurdlarning “Xalq mudofaa otryadlari”dan (YPG) tozalasa, ularning shaharga kirishlari muammo tug‘dirmaydi. “Aksincha, agar ular YPG’ni bizdan himoya qilsalar, unda Turkiya va turk askarlarini hech narsa to‘xtata olmaydi. Bu Manbij va Frotdan sharqdagi hududlarga ham taalluqli”, deb aytgan Chavusho‘g‘lu. 

18 fevralda Reuters axborot agentligi suriyalik kurdlar va rasmiy Damashq Suriya hukumat kuchlarining Afringa kirishi bo‘yicha kelishuvga kelishgani haqida xabar bergan. Ushbu kuchlar ikki kun ichida Afrin va Turkiya bilan chegarada bir qator pozitsiyalarni egallashlari ta'kidlab o‘tilgan. 

SANA axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, yaqin soatlarda Afringa Suriya xalq kuchlari otryadlari kirib boradi. Ular aholini Turkiyaning tajovuziga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaydi hamda Anqaraning hududni bosib olishiga yo‘l bermaydi.

Bungacha YPG vakillari Suriya hukumat kuchlari bilan hech qanday muzokaralar olib bormayotganlarini aytib kelganlar.

Turkiya 20 yanvardan beri Afrinda kurd tuzilmalariga qarshi harbiy amaliyot olib bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: