IIV xorijga o‘qishga qanday yuboradi?

O‘zbekiston 16:22 / 19.02.2018 24116

Ichki ishlar vazirining buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2972, 2018 yil 16 fevral) bilan Xorijiy davlatlar ta'lim muassasalarida o‘qish uchun tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. O‘qish huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlaydigan xorijiy oliy ta'lim muassasalarida olib boriladi, deb yozmoqda Norma.uz.

18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan (shu jumladan 25 yoshdagi ham) O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan  (biroq majburiy emas) ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilar tanlovda ishtirok etish, demakki,  xorijda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin.

Nomzodlar  Prezidentning 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan ichki ishlar organlari xodimlariga qo‘yiladigan talablarga javob berishi zarur.

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar qabul yilidan oldingi yilning 15 noyabridan qabul yilining 15 fevraliga qadar qabul qilinadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

• pasport nusxasi;
• tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma almashtirilgan yoxud familiyasi, ismi, otasining ismi va boshqa ma'lumotlar o‘zgartirilgan bo‘lsa, bu haqda FHDYo organining ma'lumotnomasi;
• yaqin qarindoshlari pasporti, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma, nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, nogironlik (agar mavjud bo‘lsa), yaqin qarindoshlarining o‘limi haqidagi guvohnomalari nusxalari;
• 3x4 santimetr o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9 x 12 santimetr o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
• nomzod tomonidan  qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;
• anketa (so‘rovnoma);
• o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan tavsifnoma hamda ma'lumotnoma (ma'lumotnomada nomzodning oila a'zolari ko‘rsatiladi);
• ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlar nusxasi hamda ularning baholari ko‘rsatilgan ilovasi nusxasi;
• harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi;
• doimiy ro‘yxatda turgan joyidan belgilangan namunadagi sog‘lig‘ining holati haqida ma'lumotnoma;
• mehnat daftarchasi nusxasi (agar mavjud bo‘lsa);
• ta'lim muassasasiga o‘qishga kirishga nomzodning ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) rozilik xati.

Tanlov 3 bosqichda o‘tkaziladi:

• dastlabki tanlov – 15 noyabrdan 1 aprelga qadar;
• maxsus kasbiy tanlov – 20 mayga qadar tasdiqlanadigan jadvalga ko‘ra;
• yakka tartibdagi yakuniy suhbat – 15 iyunga qadar.

Nomzodlar sinovlarni ta'lim muassasasida o‘qitiladigan tilda topshiradilar. Bir bosqichdan o‘ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.

Hujjat 16.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: