«O‘zbekiston havo yo‘llari» bahor-yozgi navigatsiya mavsumida parvozlar geografiyasini kengaytiradi

O‘zbekiston 00:00 / 17.02.2018 6935

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 2018 yil bahor-yoz mavsumida yangi yo‘nalishlar ochish bilan bir qatorda amalga oshirilayotgan parvozlar sonini ham ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilning 24 mayidan boshlab, aviakompaniya haftasiga bir marta Barselonaga (Ispaniya) parvozlarni bajarishni boshlaydi. Shuningdek, MAK bahor-yoz jadvalida Mumbayga (Hindiston) ham muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Aviakompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan qatnovlar soni ham ortadi. Nyu-Yorkka parvozlar haftasiga uch marta, Istanbulga 10 marta, Seulga 4 marta va Novosibirskka uch marta bajariladi.

Bugungi kunda «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining zamonaviy va qulay avialaynerlari Yevropa va Osiyoning 40 dan ziyod shaharlariga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Yo‘lovchi tashishlar o‘sishi har yili 10-15 foizni tashkil qiladi. 25 ta davlatda o‘z vakolatxonalariga ega.

Ma'lum qilinishicha, aviakompaniya 2017 yilda 2,703 mlndan ko‘proq yo‘lovchini o‘z manzillariga yetkazib qo‘ygan. 2016 yilda esa aviakompaniya xizmatlaridan 2,471 mln kishi foydalangan. 

Shuningdek, 2017 yilda 22950 ta reys amalga oshirilgan, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 22387 tani tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: