“Mersedes” Jyenevada ilk seriyali elektrokrossoverini namoyish qiladi

Fan-texnika 23:05 / 16.02.2018 9265
Foto: motor1

Mercedes-Benz kompaniyasi Jyeneva avtosalonida o‘zining ilk seriyali elektrokrossoveri EQC va dizel-elektr gibridlari qatorini namoyish qiladi. Bunday mashinalardan biri C400d EQ Power modifikatsiyasi bo‘lib, u elektr dvigatelda 50 km gacha yo‘l yura oladi.

Gibrid tizim negizida oxirgi avloddagi OM 654 dizel motori yotadi. Bu 2 litrli, 4 silindrli dvigatel bo‘lib, to‘liq alyuminiydan tayyorlangan va po‘latdan ishlangan porshenlarga ega. 195 ot kuchiga ega dvigatel ilk bor 2016 yilda yangi E-Class’da o‘rnatilgan.

EQC krossoveri yangi EQ elektrokarlari qatorida birinchi model bo‘ladi. Ushbu krossoverning nishonasi bo‘lgan Generation EQ kontsepti 2016 yil sentabrda taqdim qilingan. Mashina umumiy quvvati 408 ot kuchini tashkil qiluvchi ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Motorlar sig‘imi 70 kVt-soatdan ko‘proq bo‘lgan litiy-ionli akkumulyatorlardan quvvatlangan. Mashina to‘liq akkumulyatorlarda 500 km yo‘l bosa olgan.

Foto: motor1

2017 yil sentabrda EQC’ga buyurtmalar olina boshlagan. Bu taklifdan Norvegiya aholisigina foydalana olgan. Buyurtmani rasmiylashtirish uchun 20 ming Norvegiya kroni (2,5 ming dollardan ko‘proq) miqdorida depozit kiritish kerak bo‘lgan. 

Jyenevada elektrokrossover va gibridlardan tashqari 4 eshikli Mercedes-AMG GT Coupe, C-Class sinfidagi yangi sedan va universal taqdim etiladi. 

Joriy yilda Jyeneva avtosaloni 8 martdan 18 martgacha faoliyat yuritadi.

Ko‘proq yangiliklar: