Google messenjerlarda foydalanuvchi o‘rniga javob beruvchi chatbot chiqaradi

Fan-texnika 12:06 / 16.02.2018 4352

Google messenjerlarda oddiy xabarlarga foydalanuvchi o‘rniga javob beruvchi chatbot yaratish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Next Web xabar berdi. 

Area 120 kompaniyasi laboratoriyasi Reply deb nomlangan ushbu tizimni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu tizim hozircha faqat Android’da ishlaydi, biroq keyinroq Hangouts, Allo, WhatsApp, Facebook Messenger, Android Messages, Skype, Twitter va Slack’ messenjerlarida ham ishlay oladi.  

Chatbotning ishlash prinsipi oddiy: u sizni ishdan yoki mashina haydashdan chalg‘itmaslik uchun “Salom, ishlar qalay?” kabi xabarlarga avvaldan yozilgan javob variantlarini avtomatik tarzda taklif qiladi, misol uchun, “Yaxshi, rahmat, o‘zing yaxshimisan?” kabi. Tizim “Sen restorandamisan?” xabariga “Yaqin orada bo‘laman”, “Ha, shu yerdaman”, “Allaqachon shu yerdaman” va shu kabi ko‘rinishdagi javob berishni taklif qiladi. Bundan maqsad alohida ma'no kasb etmaydigan xabarlarni terishga vaqtni sarflamasdan, ularga telefonga bir tegish bilan javob berishdan iborat.

Reply bunday oddiy funksiyalar bilan cheklanib qolmaydi. Dasturchilar “Bezovta qilinmasin” rejimini yaratmoqchi. Bu rejim siz mashina haydayotganingizda avtomatik ravishda ishga tushadi. Sizga xabarlar haqida ogohlantirish kelmaydi, bot sizning suhbatdoshingizga o‘zi “Men ruldaman, keyinroq yoz” deb javob beraveradi. Shu bilan birga “Qayerdasan? Seni yarim soatdan beri kutmoqdamiz” kabi shoshilinch xabarlar telefon “taqiq”da turgan bo‘lsa ham ekranga chiqadi.

Dasturning yana bir qiziq funksiyasi “aqlli javoblar”dir. Dastur telefonning geolokatsiyasi va yoqtirgan transport turingizga qarab, “Sen qachon uyga kelasan?” savoliga daqiqagacha aniqlikda javob bera oladi. Reply’ni shuningdek “Ta'til” rejimiga qo‘yish mumkin. Bunda u sizning taqvimingizga mos ravishda ishingiz bo‘yicha murakkab bo‘lmagan xabarlarga javob beradi. Yangi dasturning chiqishi sanasi hozircha oshkor qilinmayapti, u endi sinovdan o‘tkazilmoqda.

Ayni vaqtda chatbotlar foydalanuvchilarning muayyan savollarini hal qilishda yordam bera oladi, biroq shunchaki “undan-bundan” so‘zlasha olmaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: