Aspark yapon kompaniyasining elektr giperkari Owl Totigi prefekturasidagi sinov maydonida 100 km/soat tezlikka 1,921 soniyada erisha oldi va endi haqli ravishda dunyodagi eng tezkor seriyali avtomobil nomiga da'vogarlik qilmoqda.
Owl giperkari 850 ot kuchiga ega Dodge Challenger SRT Demon va Nyurburgringning eng tezkor elektrokari, 1360 ot kuchiga ega Nio EP9’ni ortda qoldirdi. Bu mashinalar mos ravishda dastlabki “yuztalikka” 2,3 soniya va 2,7 soniyada erisha oladilar.
Owl giperkari dvigateli kuchi 1000 ot kuchidan oshadi. Motorlarni harakatlantirish uchun nafaqat akkumulyatorlar, balki qisqa muddatli tezlashishlarda yordam beruvchi superkondensatordan foydalaniladi. Mashinaning og‘irligi 850 kgni, balandligi 99 smni tashkil qiladi.
Ushbu giperkar ustida ishlar 2014 yildan beri yapon konsalting kompaniyasining bir necha xodimi tomonidan olib borilgan. Prototipning ilk namoyishi 2017 yil kuzida Frankfurtdagi avtosalonda bo‘lib o‘tgan. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan mashina umumiy kuchi 435 ot kuchini tashkil qiluvchi ikkita elektromotor bilan jihozlangan.
Aspark kompaniyasi Owl’dan bor-yo‘g‘i 50 dona ishlab chiqarmoqchi. Bir dona Owl 460 mln iyen (yoki 4,3 mln dollar) narxda sotiladi.