«O‘zbekistonda iliqlik davri boshlanmoqdami?»

O‘zbekiston 16:06 / 14.02.2018 121521

Britaniyaning nufuzli Financial Times gazetasi sahifasida chop etilgan maqolada ana shunday savol beriladi. Mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan ushbu maqolaning muallifi Nayl Baklidir, deb yozmoqda “Jahon” AA.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatni tashqi dunyoga ochishga qaratilgan qator dadil qadamlar tashladi. Siyosiy mahbuslarning ozod etilgani, ilgari safarga chiqish va ishga joylashishga to‘sqinlik qilgan “qora ro‘yxat”dan minglab odamlarning o‘chirilgani shular qatorida qayd etiladi.

Davlat rahbari virtual qabulxonasining ishga tushirilgani va unga 1,6 milliondan ziyod aholi vakillari shaxsiy va ijtimoiy ahamiyatga molik dolzarb muammolarni hal etish yuzasidan murojaat qilgani maqolada alohida ta'kidlangan. Ommaviy axborot vositalari ancha erkin faoliyat ko‘rsatayotgani, ularda tanqidiy ruhdagi materiallar e'lon qilinayotgani ham o‘quvchilar e'tiboriga havola etilgan. “O‘tgan yili kecha-kunduz faoliyat ko‘rsatadigan “O‘zbekiston-24” yangiliklar kanali ish boshladi, Xalqaro Press klub tomonidan tayyorlangan siyosiy mavzular hamda turli darajadagi mansabdorlar ishlari haqidagi tok-shoular ham uning dasturidan joy olgan". 

Iqtisodiyot sohasidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalar ekan, Financial Times jurnalisti O‘zbekiston Prezidentining biznes sohasida navbatdan tashqari tekshiruvlarga ikki yillik moratoriy joriy etish to‘g‘risidagi tashabbusini qalamga olgan. Sarmoyadorlarga soliq imtiyozlarini taklif etadigan maxsus iqtisodiy zonalarning tashkil etilgani strategik ahamiyatga molik muhim chora-tadbirlar sifatida ta'riflanadi.

“Respublika arzon energiya yetkazib berish nuqtai nazaridan o‘ziga to‘q bo‘lishi uchun tabiiy resurslarning yetarli zaxiralariga ega. Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat, farmatsevtika zavodlari bunyod etish, sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha juda katta rejalar ko‘zlanmoqda. O‘n yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti a'zoligiga kirish uchun muzokaralarni qaytadan boshladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki esa respublikada o‘z faoliyatini yana boshladi”.

Nayl Baklining ma'lum qilishicha, son jihatidan tez o‘sib borayotgan yoshlar uchun ish o‘rinlarini yaratish prezident Shavkat Mirziyoyev hayotga tatbiq etayotgan o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Shu o‘rinda britaniyalik sharhlovchi respublikamiz aholisining yarmidan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan avlod vakillari tashkil etishini, har yili esa 600 ming kishi mehnat bozoriga chiqishini eslatib o‘tgan.

Qozog‘istonda sodir bo‘lgan fojyea – ishlash uchun Rossiyaga ketayotgan avtobus bilan 52 nafar o‘zbekistonlikning yonib ketgani bu mavzuning dolzarb ekanligini yaqqol namoyon etdi. Jurnalist davlat rahbarining bu hodisaga munosabatini alohida qayd etgan:

“…Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonlik yoshlarni o‘z vataniga qaytarish uchun iqtisodiy sharoitlar yaratishga va'da berdi. “Men ularning ota-onalariga nima deyman?”, degan savolni o‘rtaga tashlar ekan, Prezident quyidagi fikrni qo‘shimcha qildi: “Agar odamlarimizga sharoit yaratganimizda bunday voqealar sodir bo‘lmas edi”.

Muallifning yozishicha, 2017 yil sentabrida O‘zbekistonda valyuta cheklovlari bekor qilindi. Bu milliy so‘mning qadrsizlanishiga olib kelgan bo‘lsa-da, tashqi savdo va sarmoyalar uchun sezilarli to‘siqlarni bartaraf etdi. “Umuman olganda, bir xorijlik mansabdorning ehtiyotkorlik bilan fikr bildirishicha, O‘zbekistonda sovuq zamon nihoyasiga yetmoqda, iliqlik davri boshlanmoqda”, deya qayd etiladi maqolada.

Britaniyalik jurnalistning fikricha, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar keng qamrovli natijalarga olib kelishi mumkin. Mintaqaning asosiy davlati bo‘lgan bu respublika Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari hamda Afg‘oniston bilan chegaradoshdir. Muallifning ishonch bilan yozishicha, O‘zbekistondagi islohotlarning davom etishi “o‘zgarishlarni amalga oshirish mumkin” ekanligini ko‘rsatib beradi. Bundan tashqari, ular ilgari O‘zbekiston tashqi siyosatiga xos bo‘lgan izolyatsionizmni kuchsizlashtirishga qodir bo‘lgani barobarida uni Yevroosiyo yuragiga ta'sir o‘tkazish bo‘yicha Rossiya, Xitoy va AQSh olib borayotgan “Yangi katta o‘yin”dagi muhim davlatga aylantiradi.

Ko‘proq yangiliklar: