Tramp AQShning yadroviy salohiyati doimo eng kuchli bo‘lib qolishiga amin

Jahon 18:30 / 13.02.2018 5720

AQSh prezidenti Donald Tramp kelajakda AQSh o‘z yadro qurollarini qisqartirishini istashi, lekin bu hol boshqa davlatlarning ham harakatiga bog‘liq ekanligini ta'kidlagan. Bu haqda RIA «Novosti» yozmoqda.

«Umid qilamanki, yaqin yillarda biz ularni (yadro qurollarini) qisqartira olamiz, lekin bu boshqalar nima harakat qilishiga ham juda bog‘liq. Biz doimo bu borada birinchi raqamlimiz… va boshqalardan ancha oldinda bo‘lamiz», — degan Tramp dushanba kuni Oq uyda AQSh infratuzilmasi loyihasini kabinet a'zolari va gubernatorlarga taqdim etar ekan.

AQSh prezidentining ta'kidlashicha, AQSh yadroviy kuchlarning mavjudlarini modernizatsiya qiladi va yangilarini yaratadi. Tramp mamlakat shunday qilishga majburligini, chunki boshqalar aynan shunday yo‘l tutayotganini ta'kidaladi.

«Agar ular to‘xtasa, biz ham to‘xtaymiz, lekin ular to‘xtamayapti, shu sababli biz yadroviy imkoniyatlar borasida hammadan ilg‘or bo‘lishimiz kerak… Umid qilamanki, ular to‘xtashadi, agar ular to‘xtasa biz ikki daqiqada to‘xtaymiz. Ochig‘ini aytganda, men yadroviy kallaklarning katta qismidan voz kechish tarafdoriman, lekin bu ishni ular boshlab berishi kerak, shunda biz ularga ergashamiz», — degan Tramp aynan qaysi davlatlarni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmasdan.

Tramp yadroviy uchlik (suv, yer va havodagi kuchlar)ni modernizatsiya qilish uchun 24 milliard dollar so‘ragan. Bu 2019 moliya yili uchun dushanba kuni Amerika ma'muriyati tomonidan namoyish etilgan byudjyet loyihasida o‘z aksini topgan.

Hujjatda mudofaa vazirligi uchun modernizatsiya va yadroviy uchlikni qo‘llab turish maqsadida 24 milliard dollar so‘ralgani qayd etilgan.

2019 moliya yili 2018 yil oktabrida boshlanadi. Gap Tramp ma'muriyatining Kongress tomonidan ko‘rib chiqiladigan taklifi haqida bormoqda. Byudjyet loyihalari Kongress tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng, odatda o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi.

Fevral oyi boshida Pentagon AQSh harbiy doktrinasini e'lon qildi va unda Rossiya yadroviy kuchlarining rivojlanishiga katta e'tibor qaratilgan. Pentagonda boshqa potensial tahdidlar sifatida KXDR, Eron va Xitoy tilga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: