Seulda O‘zbekiston-Koreya savdo uyi ochiladi

O‘zbekiston 17:49 / 13.02.2018 4632

Joriy yilning mart oyida Seul shahrida O‘zbekiston-Koreya savdo uyi ochiladi. KUN.UZ muxbiri 13 fevral kuni Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirilgan O‘zbekiston-Koreya yig‘ilishda berilgan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Tadbirda ta'kidlanishicha, Koreyada O‘zbekistonning meva va sabzavotlariga, xususan gilos, anor, qovun va boshqalarga bo‘lgan talab oshib bormoqda. 

"Bugungi kunda O‘zbekistonda yiliga 18 million tonna turli tabiiy organik meva va sabzavotlar yetishtiriladi. Shu munosabat bilan biz Koreya bozoriga tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni tashkillashtirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishidan manfaatdormiz. Biz Koreya tomondan gilos va anorga nisbatan joriy qilingan taqiq bekor qilingani uchun minnatdormiz. Shuningdek tez orada qovun eksportiga nisbatan joriy qilingan taqiqlov ham bekor qilinishiga umid bildiramiz. O‘z tomonimizdan ko‘rsatilgan mahsulotlarni talab darajasidagi sifatda, kerakli hajmda va hamyonbop narxlarda yetkazib berishni ta'minlashga tayyormiz. 

Shu munosabat bilan O‘zbekistonda zamonaviy laborotoriyalarga ega karantin infratuzilmasini yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz va bu loyihalarning rivojlanish uchun rasmiy yordam liniyasi bo‘yicha KOICA agentligi hamkorligida amalga oshirilishiga umid qilamiz. Ta'kidlash joizki, bojxona import to‘lovlarining yuqori stavkasi ham O‘zbekiston meva-sabzavotlarini Koreyaga yetkazishga to‘sqinlik qiladi. Shu bois yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bu sifatli mahsulotlarni Koreyaga yetkazib berish uchun joriy qilingan bojxona to‘lovlarini kamaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz", - dedi tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.

Ko‘proq yangiliklar: