Pyongchangdagi qishki Olimpiada doirasida robotlar o‘rtasida slalom bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda The Verge xabar bermoqda.
The Korea Herald nashrining xabar berishicha, “Edge of Robot: Ski Robot Challenge” deb nomlangan ushbu musobaqa 12 fevralda Pyongchang yaqinidagi Hoengseong County chang‘i kurortida bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy universitet va kompaniyalar tomonidan yaratilgan 8 ta robot ishtirok etgan.
Chang‘ichilar kurtkasi va shimida bo‘lgan va biroz bolalarga o‘xshab ketadigan robotlarning vazifasi 80 metrlik qiyalikdan 5 ta darvoza orasidan bexato o‘tgan holda tushish kerak bo‘lgan. Barcha robotlarga 3 ta urinish berilgan, g‘olibga esa 10 ming dollar mukofot puli belgilangan.
Chang‘i uchishni endi boshlayotganlar uchun ham bu trassa yengil hisoblansa-da, robotlarga undan o‘tish oson bo‘lmadi. Sovuq va kuchli shamol sababli ulardan ko‘pi nosoz ishladi va darvozalarga hamda trassa chetidagi to‘rlarga urila boshladi. Biroq robotlardan ba'zilari finishgacha yetib kela oldi. Ushbu musobaqadan qisqacha videosharh YouTube’da joylashtirilgan.
G‘olib esa birinchi urinishning o‘zida barcha darvozalardan o‘tib, trassadan 18 soniyada tusha olgan Taekwon V roboti bo‘ldi. Avvalroq robotni yaratgan MiniRobot kompaniyasi robotning mashg‘uloti videosini namoyish qilgandi. Videoda robotning to‘siqlarni tanish tizimi ishlashi ko‘rsatilgan.