Biri tuz, desa, ikkinchisi buz, deydi: bekobodlik fermerlar nimadan aziyatda?

Jamiyat 19:09 / 12.02.2018 47854

Toshkent viloyati Bekobod tumaniga navbatdagi safarimiz fermerlar muammosini o‘rganish bilan o‘tdi. Bizga murojaat qilgan “Abdulla Madina Fayz” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi bilan uchrashib, muammo yuzasidan tuman hokimligiga borganimizda, bizning jurnalist ekanimizni bilgan qator fermerlar o‘zlari duch kelayotgan muammolarni sanab ketishdi. 

Dastavval, “Bobur” jamoa xo‘jaligida “Xidirali Omon” fermer xo‘jaligini tashkil etib, 3 gektar yerni bog‘ qilgan Habibullo Ahmadqulovni tingladik. 

“Rustam Xolmatov hokim bo‘lgan vaqtda Bekobod tumani “Bobur” jamoa xo‘jaligidan 3 gektar yer so‘radim bog‘dorchilik uchun. Ikki farzandim bor, shular Rossiyaga ketmasin, yonimda bo‘lsin degan maqsadda. 2017 yil 3 yanvarda ariza yozdim. O‘sha vaqtdagi viloyat hokimi ham kelib, tez o‘zlaring xarajat qilib, ekaveringlar, bir oyda qarorni chiqarib beramiz, deyishdi. Endi hokim degan gap bor, biz ishondik”, - deydi Habibullo aka. 

Tenderda ishtirok etish uchun talab qilingan mablag‘lar hisob raqamiga qo‘yilgan. Mart oyida e'lon qilingan tender o‘tkazilgach, Habibullo aka va u bilan birga yer olgan yana 13 kishiga shoshilinch tarzda ko‘chat o‘tkazish buyurilgan. 

“Shundan so‘ng, 93 ga kirgan otamning jamg‘arib qo‘ygan 8 mln so‘mini, yana 10 mln so‘m qo‘shib ko‘chat sotib olib ekdim. Boshimizda turib, tezlashtirishdi va 5 kunda 1750 tup ko‘chat o‘tqazdik, -dedi Habibullo aka. – Prezident keladi deb, yo‘l yoqalariga archa ko‘chatlari ham ektirishdi. Ammo hujjatdan darak yo‘q. Qizig‘i shundaki, sentabr oyida yana tender bo‘lib o‘tdi, yana biz g‘olib bo‘ldik. Biroq bu safar sabzavotchilikka ixtisoslashtirishdi. Shuncha ekilgan ko‘chatlarni nima qilaman, xarajatlarimni kim qoplab beradi? Yana boshqa hokim kelsa, sabzavotchilikni yana bog‘dorchilikka aylantirishadimi? Hozirgacha, shunaqa sarchonchilik. Qaror chiqarib beringlar, deb kelaman, qarordan darak yo‘q. Yaxshisi shu yerini qaytarib olishsin-da, ko‘chat xarid qilishga sarflagan pullarimni qaytarib berishsin”.

“Yetti oyda 3 marta hokim almashdi, har biri o‘zining qarorini chiqarishi kerakmi?- deya suhbatga aralashadi ikkinchi fermer. O‘sha vaqtda hokim Rustam Xolmatov boshimizda turib, ko‘chat oralarini 4 metrdan o‘lchab ektirdi. Endi hujjatga kelganda nega cho‘zayapsizlar? Qo‘limizda hokimning yerdan foydalanishga doir qarori bo‘lmaganidan keyin ko‘chatlarni biz ekkanimizni isbotlay olmaymiz-da. Mana bir ayol kelyapti, qo‘lingda qaroring yo‘qmi, yerni bo‘shat, ko‘chatlaringni olib chiqib ket, men qaror chiqartirib olaman, demoqda. Ekishga ektirdi, qaror berishni nega paysalga solishadi?”

Bekobod tumanidagi paxta urug‘chiligiga ixtisoslashgan “Boqiyeva Nazira” fermer xo‘jaligi rahbari Nazira Boqiyeva ham o‘zi duch kelayotgan muammolarini so‘zlab, suhbatga qo‘shildi. Opaning aytishicha, u 21 yildan buyon fermerlik bilan shug‘ullanib keladi, mehnatining ortidan nafaqat tumanda, balki viloyatda “temir xotin” deya dong chiqargan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki yildan buyon paxtasini urug‘chilikka qabul qilishmayapti, yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini xarid qilish masalasida ham muammolarga duch kelmoqda. Soliqdan qarzing bor, deb mashinalarini olib qo‘yishmoqda. 

Biz muammolar girdobidan chiqib, tuman hokimi Otabek Isroilovning fikr va izohlarini bilish uchun u bilan suhbatlashdik. 

“Bekobod tumanida 150 ming kishi istiqomat qiladi. 40 ming gektar ekin maydonlarimiz bor. Unda jami 928 nafar fermer faoliyat yuritadi. Shundan 627 kishi paxta-g‘alla yo‘nalishida. O‘tgan yili ular 5 mlrd so‘m zarar ko‘rdi. Bundan tashqari, o‘zimiz qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tuman bo‘lsak-da, tuman ijtimoiy ehtiyojlari uchun meva-chevani Toshkent shahridan olib kelishimizni qanday izohlash mumkin. Yana shuni aytishim kerak, tumandagi 1 200 gektardagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari noto‘g‘ri tashkil etilgan. Ular barchasi buziladi. Chunki, hukumat qarori bilan intensiv bog‘lardan tashqari bog‘dorchilik qilish mumkin emas”, - deya masalaga oydinlik kiritadi Otabek Isroilov. 

Shu o‘rinda masalani o‘rgangan kishi sifatida ba'zi fikrlarni bildirsam. Xo‘p, hukumat qarori bilan intensiv bog‘dan boshqasi mumkin emas ekan, nega avvalgi hokim bu narsani e'tiborga olmagan? Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, Rustam Xolmatov prezident kelishidan avval shosha-pisha, natija ko‘rsatish ilinjida, xo‘jako‘rsinga fermerlarga ko‘chat ektirgan. Aks holda, yangi hokim ushbu bog‘dorchilik xo‘jaliklari noto‘g‘ri tashkil etilgan, degan da'vo qilish o‘rniga fermerlarga yerdan foydalanish uchun qarorni chiqarib berib, g‘avg‘odan qutulib qo‘ya qolardi. Yana kim bilsin, fermerlar aytganidek, balki boshqa bir hokim kelib, sizlarning joylaring sabzavot emas, bog‘dorchilik bo‘lishi kerak ekan, deya ko‘chat ektirar?!

Kishini bir narsa qiynaydi: qachongacha natija ortidan quvib, xo‘jako‘rsinga ish yuritamiz? Byurokratiyadan qachon qutulamiz? Qachongacha, kimningdir xatosini boshqamiz tuzatamiz? Qachongacha, natijaga erishgani borasida ko‘zbo‘yamachilik qilgan kishining xatosidan boshqalar aziyat chekadi? Bir hokim xato qilib, boshqa tumanga ketishi bilan yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolaveradimi? Dardini yana oddiy xalq tortishi qanchalik adolatli? Umuman, bu kabi nuqsonlarni kimdir tekshiradimi, o‘zi? 

Tolib Rahmatov

Ko‘proq yangiliklar: