9 fevralda qishki Olimpiada o‘tayotgan Pyongchangda “mutlaq qora inshoot” – britaniyalik arxitektor Asif Xon loyihalashtirgan pavilon ochildi. Inshoot Vantablack deb nomlangan materialdan qurilgan.
Vantablack materiali mavjud moddalardan eng qorasi hisoblanib, ilk bor Buyuk Britaniya milliy fizika laboratoriyasi tomondan 2015 yilda taqdim qilingandi. U alyuminiy folgada joylashgan nanoquvurlardan iborat. Unga foton tushganda, ular akslanmasdan, issiqlikka aylanadi.
Material nurning 99 foizini yutadi. Akslanuvchi rang bo‘lmagani sababli inson ko‘zi uni qora tuynukdek, go‘yoki modda o‘rnida hech narsa yo‘qdek qabul qiladi. Shu sababli hamjli buyumlar yassidek ko‘rinadi.
Pavilon kichik yorug‘lik chiviqlari bilan qoplangan bo‘lib, u yulduzlar illyuziyasini yaratadi. Arxitektor g‘oyasiga ko‘ra, bu holat Yerdan qaralayotgan koinotni eslatadi.
“Uzoqdan inshoot koinotga manzara ochiluvchi ochiq oynaga o‘xshaydi. Unga yaqinlashgan sari bu his yanada kuchayadi, bino ichiga kirilganda esa sizni zulmat o‘z domiga olgandek tuyuladi”, deb aytmoqda Asif Xon.
Pavilon ichi oq ranglarda bajarilgan bo‘lib, unda “suv xonasi” joylashgan. Bu xona bir daqiqada 25 mingta tomchi sochuvchi multisensor installyatsiyadir. Tomchilar kichik tarnovchalar orqali oqib, markazdagi “ko‘lga” kelib quyiladi. Bu ko‘l bir qurib, bir yana paydo bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar sensorlarga ta'sir qilib, tomchilarning oqishiga ritm berishlari mumkin.