General Motors, Wuling Automobile va Xitoyning eng yirik davlat avtomobilsozlik kompaniyasi SAIC Motor Corporation’ning qo‘shma korxonasi SAIC-GM-Wuling ikki o‘rindiqli, hamyonbop Baojun E100 elektromobilini yaratdi. Bu mashinaning narxi hududiy imtiyozlar qiymatiga bog‘liq holda 5,6 ming dollardan 9,3 ming dollargacha turadi.
Ushbu mashina Xitoyda eng arzon elektromobil bo‘lishga da'vogarlik qilmoqda.
Baojun E100 kichik o‘lchamli mashina bo‘lib, uzunligi 2,4 metr, eni 1,5 metr va balandligi 1,6 metrni tashkil qiladi. U 29 kVt li elektrodvigatel bilan jihozlangan va bir quvvatlanishda 155 km masofa bosib o‘ta oladi.
Model zararli chiqindi chiqarmaydigan avtomobillar rag‘batlantiriladigan hududlarda ayniqsa ommalashdi. O‘tgan yil u ilk bor Lyuchjou shahrida taqdim qilingan. Mashinaning bu yerdagi narxi barcha imtiyozlar hisobga olingan holda 5,6 ming dollarni tashkil qilgan. Mashinaning narxi pastligi sababli 5 oy ichida undan 11446 dona sotilgan.
Kompaniya mashinani Guansi viloyatidagi yana bir nechta shaharda sotuvga chiqarishini e'lon qilgan. Bu yerda uning narxi 7,2 mingdan 9,3 ming dollargacha turadi. Mashina faqatgina Xitoyda sotiladi.