Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilar izohlariga salbiy munosabatni bildiruvchi tugmani sinovdan o‘tkazmoqda. Tugma "downvote" deb atalib, "qarshi ovoz berish" degan ma'noni anglatadi.
Payshanba kuni ijtimoiy tarmoqning ba'zi foydalanuvchilari Facebook guruhlaridagi izohlar ostida yangi tugma paydo bo‘lganini sezishgan, deb yozadi The Daily Beast.
Facebook nashr so‘roviga eng avvalo bu "dislike" ("yoqmadi") tugmasi emasligini aytib javob bergan. "Biz ommaviy sahifalardagi izohlarga baho berish imkonini beruvchi funksiyani o‘rganyapmiz. Test faqat AQShda uncha katta bo‘lmagan auditoriyada o‘tkazilmoqda", - deya ma'lum qildi kompaniya vakili.
"Qarshi ovoz berish" tugmasi foydalanuvchilarga u yoki bu izoh qadrini "pasaytirish" imkonini beradi, natijada o‘quvchilarning uni ko‘rish ehtimoli kamayadi. Mazkur funksiya xaqoratlar, trolling va nojoiz so‘zlar bilan kurashish uchun o‘ylab topilgan.