Norvegiya terma jamoasi nima uchun Olimpiadaga ko‘p miqdorda dori vositasi olib bordi?

Sport 08:21 / 08.02.2018 5245

Olimpiadada ishtirok etuvchi Norvegiya terma jamoasi tibbiy xizmati rahbari Mona Keldsberg terma jamoa o‘zi bilan Olimpiadaga nima uchun astmadan 6 mingta doza vosita va inglyatsiya o‘tkazish uchun 10 ta qurilma olib kelganiga tushuntirish berdi. Uning aytishicha, bu miqdor uncha ko‘p hisoblanmaydi.

Dori vositalari terma jamoaning Janubiy Koreyaga kelganda sog‘lom bo‘lgan a'zolari uchun mo‘ljallangan. Astmadan aziyat chekuvchi sportchilar o‘zlarining dori vositalaridan foydalanadilar.

Ta'kidlanishicha, novergiyaliklar olib kelgan dori vositalari orasida simbikortdan 1800 doza, alvesko, salbutamol va atroventdan 1200 tadan doza, ventolindan 360 doza bo‘lgan. 

“Biz olib kelgan dori vositalari dozasi kimgadir ko‘p tuyulishi mumkin. Biroq uni ulushlarga bo‘lib chiqilsa, bu uncha katta miqdor emasligini anglaysiz”, deb aytgan Keldsberg.

Uning aytishicha, Pyongchangga hammasi bo‘lib 43 ta ingalyator olingan va ular individual ravishda qo‘llanadi. Keldsbergning qo‘shimcha qilishicha, dori vositalarining katta qismi ortga qaytariladi.

2017 yildan Butunjahon aksildoping agentligi (WADA) salbutamolning qo‘llanishini qisman taqiqlagan. Agar tibbiy tomondan ruxsat berilgan bo‘lsa, sportchilar bu vositadan kuniga 1600 mikrogrammdan ko‘p qabul qila olishmaydi. 

2016 yil yozida norvegiyalik chang‘ichi Martin Sundbyu salbutamolni mumkin bo‘lgan miqdordan ko‘proq iste'mol qilganligi fosh qilingan. O‘shanda WADA uni 2 oyga chetlatgan. Shundan keyin Norvegiya terma jamoasining ko‘plab yetakchilari astmadan salbutamol negizida tayyorlangan dori qabul qilishlari ma'lum qilingan. Shundan keyin bir qator davlatlar WADA’ga astmaga ega norvegiyalik sportchilarni o‘rganish iltimosi bilan murojaat qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: