6 fevral kuni Space X asoschisi Ilon Mask koinotga birinchi marta dunyodagi eng og‘ir eltuvchi raketa — Falcon Heavy’ni uchirdi. Raketa bortiga Maskning shaxsiy sportkari Tesla Roadster joylashtirilgandi.
Raketa muvaffaqiyatli uchdi, ikkita tezlashtiruvchi esa ajralib, Yerga qaytib keldi.
Avtomobil parvozi bir nechta kamera tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda tasvirga olindi. Jarayon yanada qiziqarli bo‘lishi uchun mashinada britaniyalik taniqli musiqachi Devid Bouining Space Oddity musiqasi yangradi.
O‘z orbitasiga yetib borgach, Tesla koinotda mustaqil sayohat qilish uchun qoladi. Tesla Marsga borib tushmaydi, ammo vaqti-vaqti bilan goh qizil sayyoraga, goh Yerga yaqin keladi.
SpaceX ma'lumotlariga ko‘ra, raketa parvozi xarajatlari 90 mln dollarni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, bu AQSh koinot agentligi tomonidan yaratilgan Space Launch System (SLS) raketasining parvozidan ancha arzonroqdir. SLS’ning har bir parvozi 1,5-2,5 mlrd dollar turadi.