2025 yilgacha dunyodagi avtobuslarning yarmi elektr dvigatellarga o‘tadi

Fan-texnika 10:01 / 07.02.2018 5303

7 yildan keyin dunyodagi avtobuslarning 50 foizi elektr dvigatellarda harakatlanadi. Xitoy, xoynahoy, shahar transportini elektrlashtirish bo‘yicha yetakchi pozitsiyalarni egallaydi, chunki bu yerda atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi siyosat olib boriladi. 

2025 yilgacha dunyoda elektr avtobuslarning umumiy miqdori uch martaga oshadi: 2017 yilda bunday avtobuslar 386 mingtani tashkil qilgan, 2025 yilgacha esa 1,2 mlntaga yetadi, Xitoyda dunyodagi barcha elektrobuslarning 99 foizi harakat qiladi. Bu haqda Bloomberg New Energy Finance hisobotida aytilgan. 

Bugungi kunda elektrobuslar an'anaviy yoqilg‘ida harakatlanuvchi avtobuslardan qimmatroq turadi. Biroq 2026 yilgacha bu qiymat an'anaviy avtobuslarnikiga tenglashadi. Bu ko‘p jihatdan akkumulyatorlar narxining pasayishi va ular samaradorligi oshishi hisobiga yuz beradi.

Elektrobuslarning tatbiq qilinishi havo ifloslanishi darajasini ancha kamaytirishga yordam beradi, shu sababli Parij va Amsterdam yaqin yillarda o‘z avtobus parklarini “sof” transportga o‘tkazmoqchi. Kaliforniyaning yirik shaharlari, jumladan Los-Anjyeles va San-Xose merlari ekologiya sohasidagi regulyatordan shaharlar munitsipalitetlarini elektr avtobuslarga o‘tishga majburlovchi qoida va me'yorlarni ishlab chiqishni talab qilmoqdalar.

Bu masalada eng qat'iy siyosatni Xitoy olib bormoqda. Misol uchun, mamlakatning janubida joylashgan, 12 mln aholisi bo‘lgan Shenchjen shahri yer usti jamoat transportini elektr dvigatellarga o‘tkazishni yakunladi. Endi bu shahardagi deyarli 17 ming avtobusdan birortasi havoni ifloslantirmayapti. Buning hisobiga bir yil ichida 345 ming tonna yoqilg‘i tejaladi va atrof-muhitga 1,35 mln tonna kamroq karbonat angidrid gazi chiqariladi.

Ko‘proq yangiliklar: