Mourino va Pogba. Kim g‘alaba qozondi?

Sport 16:00 / 06.02.2018 20575

«Tottenhem»ga qarshi o‘yinda muvaffaqiyatsiz o‘yini uchun murabbiydan «gap eshitgan» va 62-daqiqada almashtirilgan Pol Pogba «Haddersfild»ga qarshi o‘yinda zaxirada qoldirildi.

Ko‘pchilik hayron. Mourino Pogba bilan tarbiyalash ishlarini boshlab yubordimi?

Bu fikrga qo‘shilish mumkin, zero Pol Pogba ayni paytdagi sport formasi bo‘yicha uning o‘rniga maydonga tushgan Skot Maktommineydan ustun ekani shubhasiz. O‘z vaqtida Mxitaryan, Shou yoki Marsiyal bilan ro‘y bergan xuddi shunday hodisalar bilan ham solishtirish noo‘rin – chunki o‘sha paytlarda sanab o‘tilgan futbolchilar rostan ham yaxshi sport formasida emasdi. Pogbaning zaxirada qoldirilishi esa, ko‘proq topshirilgan vazifalarni ko‘ngildagidek bajarmayotgani va taktik intizomsizlik bilan bog‘liq. Aksariyat hollarda Pogbaning himoyalanishdagi o‘yinlari Mourinoga yoqmayapti.

Pogbaning aynan «Haddersfild»ga qarshi, ya'ni himoyalanish uchun Nemanya Matichning o‘zi ham bemalol yetishi mumkin bo‘lgan o‘yinda maydonga tushirilmasligi esa, Mourinoning bu qarori taktik emas, aynan tarbiyaviy ekanini anglatadi.

Bunday qarorlarda murabbiy uchun o‘ziga yarasha tahlika borligini ta'kidlash kerak. Bir paytlar Aleks Fergyuson David Bekhem bilan mana shunday tarbiyaviy ishlarni olib bormoqchi bo‘lgan va o‘sha paytdagi asosiy raqib «Lids»ga qarshi o‘yinga olib ketmagandi. «MYu» o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. Xuddi shunga o‘xshash boshqa bir vaziyatda esa, Bekhemsiz jamoa «Real»ga imkoniyatni boy berayotgandi. Shotlandiyalik murabbiy ikkinchi bo‘limda Bekhemni maydonga tushirgan va futbolchi ikki gol urgandi.

«Haddersfild»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmagach, Mourino uchun mana shunday risk orta boshladi. Tasavvur qiling, o‘yinda hisob shunday qolib ketsa? Yoki Mourino g‘alaba qozonishni istab, Pogbani maydonga tushirishga majbur bo‘lsa-yu, oqibatda fransiyalik futbolchi o‘yin taqdirini hal qilsa?

Foto: BBC Sport

Bunday holatlar murabbiyning jamoadagi darajasini pasaytirishga yoki futbolchining yanada o‘ziga yuqori baho berishiga sabab bo‘lishi mumkin. Har holda, hozirgi futbolchi va murabbiy munosabatlari ham o‘n besh yil oldingidek emas.

Hisobni Pogbasiz ochish Mourino uchun juda zarur edi. Portugaliyalik mutaxassis baxtiga shunday bo‘ldi ham.

Mana shu yerda, Joze Mourino yana bir ustalik qilganini ta'kidlash kerak. U Pogbani Skott Maktomminey o‘rniga emas, hujum chizig‘idagi Jyessi Lingard o‘rniga tushirdi. Birgina mana shu harakati bilan Mourino endi Pogba tomonga qadam tashladi va muhimi, o‘yindan keyingi savollarga, gap-so‘zlarga, Pogba bilan munosabatlar haqidagi keraksiz muhokamalarga foydali zamin hozirladi.

«Skott 11 yoshidan beri klubda shug‘ullanadi va uning ham asosiy tarkibda tushishiga haqqi bor», – deb o‘z qarorini odatiy rotatsiya bilan izohlagan Mourino aslida o‘z fikrini kerakli odamga, ya'ni Pogbaga yetkazishga ulgurgan, ana endi, bu voqeaning cho‘zilib davom etishini istamayotgandi.

Skottning olinishi yosh futbolchiga «bo‘ldi, Pogbaga o‘rinni bo‘shat, tarbiya tugadi», degandek bo‘lardi. Endi esa, aksincha, Pogba maydonga tushirilganda ham u tarkibda qolgani Skottga kelajak uchun umid yaratadi. Harakat qilsa, yana maydonga tushishi o‘ziga bog‘liq.

Albatta, oddiy izoh ham bor. Birinchidan, yaqinda Chempionlar ligasi boshlanadi, har haftada ikki o‘yin rejimiga o‘tiladi, oddiy o‘yinlarda yetakchilarga dam berish, rotatsiya qilish normal holat. Ikkinchidan, Skottning maydonga qolgani, hisob atigi 1:0 edi, baribir himoyani o‘ylash uchun Lingard olindi.

Balkim, ammo bu oddiy rotatsiya emasligini sezish oson. Sanches kelib, asosiy futbolchilar bilan imkon qadar ko‘proq o‘ynashi kerak bo‘lgan va shuningdek, «Liverpul» va «Tottenhem» pastdan eshik qoqib kelayotgan bir paytda aynan Pogba bilan rotatsiya qilinishiga siz ishonasizmi? Men, yo‘q.

Pol Pogba o‘zining zaxirada qoldirilishiga munosib javob bergani, hatto Lukaku hisobni ochganida golni zaxiradagi sheriklari bilan emotsional nishonlagani Mourinoga ko‘rinib turgandi albatta. Shogirdining bu harakatlaridan qoniqqan murabbiy Pogbani maydonga qaytardi va ahamiyatlisi, Lingardning o‘rniga.

Fransiyalik futbolchi aynan oldingi chiziqda, orqasida ikki markaziy yarim himoyachi turganida foydaliroq o‘ynashini «Everton»ga qarshi o‘yinda namoyish qilib ulgurgandi. Uning Matichga sherik bo‘lib, orqada o‘ynashi va himoyaviy vazifalar yuklanishi ko‘pchilik tomonidan tanqid qilingan, ammo Mourino qaysarlikda davom etib kelayotgandi.

Xo‘sh, Pogbani Tomminey yoki Matich emas, Lingard o‘rniga tushirib, Mourino mag‘lubiyatini tan oldimi? Endi Pogba ko‘proq o‘zi istagan pozitsiyada o‘ynaydimi? Unda nega uchrashuv boshidan bu amalga oshmagandi.  

Qizig‘i ham shunda, tarkibni tarbiyaviy qarorlar bilan tanlagan Mourino, Pogbaning bu qarorni munosib qabul qilgach, «durang taklif qildi». Bu harakat futbolchida yomon taassurotga urug‘ sepmasligini istadi. Aytmoqchimanki, Pogbaning Maktomminey o‘rniga tushirilishi «ana ko‘rdingmi, baribir man aytgan pozitsiyada o‘ynaysan, istamasang, tushirmayman va g‘alaba qozonaman» degandek bo‘lib qolar, bu holatning ortida qandaydir sovuq hissiyot saqlanib qolardi, nazarimda.

Foto: Daily Mail

Bolangizni qattiq koyib yuborib, keyin, uning yig‘lab yuborganini ko‘rib, bag‘ringizga olasiz-ku – natijada, koyib ta'sir ham qildirdingiz, o‘rtadagi munosabat ham saqlanadi, to‘g‘rimi?  Kerakli «meseyj»ni bergan Mourino ham mamnun, sevimli pozitsiyasida maydonga qaytgan Pogba ham norizo emas.

Lekin, menimcha, Mourino o‘zinikidan qolmaydi. Himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan raqiblarga qarshi, ayniqsa, «Old Trafford»dagi aksariyat o‘yinlarda baribir Pogba orqaroqda, Matichga sherik bo‘lib o‘ynayversa kerak. O‘zi shundoq ham Sanchesning kelishi oldingi chiziqdagi nomzodlarni ko‘paytirib yubordi. Katta o‘yinlarda yoki kuchliroq jamoalarga qarshi safar o‘yinlarda esa, yo Errera yoki Maktomminey Matichga sherik bo‘ladi va Pogba oldingi chiziqda Lingard yoki Mataning o‘rnini egallaydi.

Shunaqa, Mourino mag‘lub bo‘lgan vaziyatlardan ham g‘olib illyuziyasini yarata oladigan murabbiy..

 

Q.Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: