Hyundai to‘rtinchi darajadagi avtonomlikka ega vodorod avtomobillarini Seul yaqinidagi yuqori tezlik trassasida sinovdan o‘tkazdi. Avtomobillar 112 km/soat tezlikda 190 kilometr yo‘lni bosib o‘tdi. Bu esa robomobillar uchun o‘ziga xos rekord sanaladi, deb yozadi Engadget.
Sinovlar Janubiy Koreya poytaxti Seul va qishki olimpiada o‘tuvchi shahar Pyongchangni bog‘lovchi trassada o‘tkazilgan. Umumiy hisobda avtomobillar 190 km masofani 100–112 km/soat tezlikda bosib o‘tgan. Ilgari ular yo‘llarning cheklangan uchastkalarida va past tezliklarda sinalardi.
Sinovlarda Nexo SUV krossoverlari va Genesis G80 sedanlari ishtirok etgan. Avtomobillar shuningdek, 5G aloqa tizimlari bilan jihozlangan. Sinovlar namoyish tusigaga ega, chunki Hyundai’ning to‘rtinchi darajadagi avtonomlikka ega robomobilining ilk tijorat namunasi 2021 yildan oldin paydo bo‘lmaydi, to‘liq avtonom versiyalari esa 2030 yilda yaratiladi.
5G tizimlari endi-endi o‘rnatilmoqda, shu sababli ularni to‘liq avtomobillarga o‘rnatilishi haqida gapirishga erta. Nima bo‘lganda ham, ushbu sinov robomobillar faqat shahar ichida emas, uzoq masofalarga ham qatnay olishi mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Hyundai’ning Phantom AI avtonom uskunalariga ega robomobillarining xuddi shunday sinovi Kaliforniyada ham o‘tkazildi. Ulardan biri startap rahbariyati va TechCrunch muxbirlari bilan falokatga ham uchradi. Oldinda ketayotgan pikap derazasidan alyuminiy banka uloqtirishgan, uning ketidan borayotgan avtomobil keskin tormoz bosgan, Hyundai avtopilotini sug‘urtalab turgan haydovchi — Phantom AI hammuallifi reaksiya ko‘rsatishga ojiz qolgan. Namoyish qatnovida shoshilinch tormozlanish tizimi o‘chirib qo‘yilgan edi. YTH oqibatida hech kimga zarar yetmagan.
PwC konsalting kompaniyasi sun'iy intellekt insoniyatga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida hisobot tayyorlagan. Turli sohalar uchun ko‘plab ijobiy natijalar ichra transport sohasi uchun ham prognozlar bor. Ekspertlarning fikricha, 2040 yilga borib, shaharlarda transportlar to‘liq avtonom bo‘ladi.