AQShning SpaceX xususiy kompaniyasi internetda o‘zining yangi Falcon Heavy o‘ta og‘ir raketasining starti va parvozi animatsion roligini joylashtirdi. Rolikda raketaning start olishi, u ma'lum balandlikka ko‘tarilgach yon tomonlaridagi tezlashtirgichlari ajralishi hamda Yerga qaytarilishi aks etgan. Rolikda, shuningdek, kompaniya rahbari Ilon Maskning shaxsiy avtomobili – Tesla Roadster’ning Marsga yetkazilishi namoyish qilingan.
Falcon Heavy raketasi ilk parvozini amalga oshirish vaqti 6 fevral Toshkent vaqti bilan soat 23:30dan 7 fevral soat 2:30gacha davom etadi.
“Falcon Heavy raketasi start olganda, u hozirda qo‘llaniluvchi eng kuchli raketalardan ikki marta kuchliroq bo‘ladi. U orbitaga 64 tonna yuk yetkaza oladi, bu massa bortida yo‘lovchilar, ekipaj va yuk bo‘lgan hamda yoqilg‘i bilan to‘ldirilgan Boeing 737 samolyotidan og‘irroqdir. Bu Falcon Heavy’ning eng yaqin raqobatchisi – Delta 4 raketasidan 2 marta kuchliroqdir, degani. Bundan tashqari, parvoz Delta 4’nikidan 3 barobar arzonroqqa tushadi”, deyilgan rolikda.
Raketa orbitaga yuk sifatida qizil rangli Tesla Roadster’ni yetkazadi. Mashina ruli oldidan “sun'iy fazogir” joy oladi.
“Sun'iy fazogir – bu SpaceX’ning yangi hashamatli skafandrlaridan biriga kiyintirilgan maneken. Mask uning “fazogiri” butun parvoz davomida avtomobilda o‘tirib, Devid Bouining qo‘shig‘idan lazzatlanishini istamoqda. SpaceX’ning bu noodatiy yukini koinotga uchirilgan eng antiqa buyumlardan deb atash mumkin. Kelgusida Mask Marsga rodster bilan birga haqiqiy fazogirni jo‘natmoqchi va shu tariqa Qizil sayyora mustamlakasi boshlanganini ifodalamoqchi.