O‘zbekistonlik bokschilar Qirg‘izistondagi turnirda 3ta oltin oldi

Sport 16:00 / 05.02.2018 12234

Qirg‘izistonda Duyshenkul Shopokov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. 

Hisob bo‘yicha 41-bor tashkil etilgan musobaqaga O‘zbekiston boks federatsiyasi terma jamoaning uchinchi - zaxira tarkibini jo‘natdi. Bishkekka 10 nafar bokschi bilan yo‘l olgan jamoa yakunda ikkinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonlik 4 bokschi finalga chiqdi va ulardan uch nafari oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yana ikki sportchi esa bronza uchun janglarni o‘z foydasiga hal qildi.

Finalda 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Fozil Abdumurodov, 69 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Fazliddin Meliboyev, 91 kilogrammdan oshiq vazn toifasida Obidjon Tohirov o‘z janglarida g‘alaba qozondi. Ularning barchasiga finalda qirg‘izistonlik raqiblar tushgandi.

Nodir Mirzaahmedov (-49 kg) finalda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Oybek Jo‘rayev (-56 kg) va Bahrom Fozilov (-81 kg) esa bronza uchun janglarda g‘olib bo‘ldi.

Jami 146 nafar bokschi ishtirok etgan turnirda Qirg‘iziston termasi yuzga yaqin sportchisi bilan qatnashdi. Turnirda Qirg‘iziston va O‘zbekistondan tashqari, Rossiya, Tojikiston va Qozog‘istondan ham vakillar qatnashdi. Yakunda mezbonlar 7ta oltin, 8ta kumush va 10ta bronza medalga ega bo‘ldi. Tojikiston va Qozog‘istonning natijasi teng bo‘ldi: 1ta oltin, 1ta kumush va 2ta bronza. Rossiyaliklar turnirdan medalsiz qaytgan.

Ko‘proq yangiliklar: