«Enfild»dagi drama. «Real» endi Salohni oladimi?

Sport 14:58 / 05.02.2018 19816

Angliya chempionatining 26-turida «Liverpul» va «Tottenhem» o‘zaro durang o‘ynadi (2:2). «Tribuna» tezkorlik va dramatikligi jihatidan mavsumning eng yaxshi o‘yinlaridan biriga aylangan bu bahs haqida to‘xtaladi.

«Liverpul» va Yurgen Kloppning katta klublardagi o‘yinlari – alohida va romantik tarix. «Suonsi» yoki «Bornmut» mersisaydliklar jamoasining mudofaasini chilparchin qilishi mumkin, «Manchester Siti» yoki «Arsenal» esa bu jamoaning pressingi ostida chilparchin bo‘ladi. Shu tufayli «APL Robin Gudi»ning «Tottenhem»ga qarshi o‘yini katta ishtiyoq bilan kutilgandi. Bu o‘yin ishonchlarni oqladi.

Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun raqobat

Bu o‘yin Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun da'vogarlik qilayotgan ikki klub qarama-qarshiligi sifatida ham ahamiyatli edi. Bu o‘yindan oldin «Liverpul» «Haddersfild» maydonidan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi, «Tottenhem» esa «Uembli»da «MYu»ni ojiz qoldirdi (2:0). Bu jamoalarning kuchli to‘rtlik uchun raqiblari uchrashuv durang natija bilan tugashiga xayrixoh edi, lekin oxirgi 3 haftada 6 ochko yo‘qotgan «Liverpul»ni ham beshinchi o‘rinda qolayotgan «Tottenhem»ni ham durang hisob qoniqtirmasdi.

«Tottenhem»da kuchli oltilik jamoalariga qarshi o‘yinlardagi statistika juda yomon. Shu tufayli ham Maurisio Pochettino jamoasi sezilarli darajada kuchaygan bo‘lsada, chempionlikka erisha olmayapti. O‘tgan mavsumlarda 5, 3 va 2-o‘rinlar egallandi. Bu mavsumda ham birinchi o‘rin bo‘lmasligi kundek ravshan.

«Liverpul» bu mavsumda ham barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti, bu Yurgen Kloppning o‘yin uslubi oqibatlari. Jamoa katta o‘yinlarda katta kuch sarflab qo‘yadi va toliqqan futbolchilar kuchsiz jamoalarga yengilib beradi. «Liverpul» ham, «Tottenhem» ham Chempionlar ligasi guruh bosqichini ajoyib o‘tkazdi, umuman, ingliz jamoalarining barcha 5 jamoasi guruhdan chiqdi, pley-offda «Liverpul»ga oson raqib tushgan, Klopp shogirdlaridan «Portu» qarshiligini sindirish talab etiladi, «Tottenhem» esa YeChLda keyingi mavsumlarda favorit hisoblanadigan «Yuventus»ga qarshilik qilishi kerak.

Bombardirlar dueli

Bu o‘yin arafasida ikki jamoaning asosiy hujumchilari Muhammad Saloh va Harri Keynga e'tibor qaratildi. Bu o‘yingacha Keyn hisobida 21ta, Saloh hisobida 19ta gol bor va bu ikki futbolchi Angliya chempionati to‘purarlari ro‘yxatini boshqarib turgandi. Birinchi davrada, Londonda kechgan bahsda mezbonlar 4:1 hisobida g‘alaba qozongan, Key 2ta, Saloh bitta gol urgandi. Endi Saloh o‘z jamoasi maydonida kechadigan o‘yinda munosib javob qaytarishi kerak edi va shunday ham bo‘ldi. Barcha bu ikki hujumchini solishtirayotganda Klopp e'tiborni chalg‘itmoqchi bo‘ldi: «Angliyada to‘p surayotgan hujumlardan ikkisini, Keyn va Firminoni bir-biriga o‘xshataman. Keyn ko‘proq «to‘qqizlik» hujumchi va «o‘nlik» sifatida ham o‘ynay oladi, Firmino ko‘proq «o‘nlik» hujumchi va «to‘qqiz»lik vazifasini ham yaxshi bajaradi».

Xatolar paradi

Yurgen Klopp o‘yindan oldin mavsumdagi imkoniyatlar to‘g‘risida so‘zlagandi: «Chempionlik - orzu. Ayniqsa, «Liverpul» haqida gapiradigan bo‘lsak. Modomiki, bu mavsumda birinchi bo‘lolmas ekanmiz, unda ikkinchi bo‘lishimiz kerak. Umuman, mavsumni kuchli to‘rtlikda yakunlash - yaxshi natija bo‘ladi». Mersisaydliklar bu o‘yinni uchinchi o‘rinda boshlashdi, «Tottenhem» beshinchi o‘rinda. «Shporlar» yanvarni a'lo darajada o‘tkazayotgandi, bu jamoa 2018 yilda hali biron marta mag‘lub bo‘lmagandi.

Ammo birinchi bo‘lim boshida «Tottenhem» shunday o‘ynadiki, bu jamoa bu yilda hali bitta o‘yinni yutganiga ham ishonish qiyin edi. To‘p faqat londonliklar jarima maydoni atrofida bo‘ldi. «MYu» bilan o‘yindan farqli ravishda, «Tottenhem» bu o‘yinda 3 markaziy himoyachi bilan harakatlandi. Ammo Sanches va Devis kutilgan o‘yinni namoyish qila olishmadi, yoshi o‘tib qolgan Vertongen ham Dayyerning xatolarini tuzata olmadi.

«Manchester Yunayted» muxlislari bu o‘yinda Salohning tezkor golidan keyin «Tottenhem»dan yozg‘ira boshlashdi. Ular «Tottenhem»ni «MYu»ga qarshi o‘yinda bor kuch bilan harakat qilgani holda, «Liverpul»ga qarshi o‘yinda qo‘llarni ko‘targanlikda ayblashdi. 

«Uembli»dagi g‘alabadan 4 kun o‘tib, «Enfild»da «shporlar» himoyada qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Dayyer to‘pni Manedan olib qo‘yishda yaxshi harakatlana olmadi va uni Salohning oyoqlari ostiga tashlab qo‘ydi, boshqa markaziy himoyachilar bu vaziyatda harakatsiz qolishdi. Mavsumning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turgan Saloh esa van Gaalning ta'biri bilan aytganda «juda arzon gol» urdi - 1:0.

Lekin bu gol Salohning o‘zi uchun ahamiyatlidir. Birinchidan, u Angliya chempionatida 20talik dovonni zabt etgan to‘rtinchi afrikalik futbolchiga aylandi, bunday natija shu vaqtgacha faqat Yaya Ture, Dide Drogba va Adebayor tomonidan qayd etilgan. Ikkinchidan, ushbu misrlik futbolchi «Liverpul»da 25 o‘yindayoq 20 gol urishga ulgurdi. Hatto Fernando Torres ham bu qadar tezkorlik ko‘rsata olmagandi, u jamoada faqat 27 o‘yinda 20 gol urgan. Shuningdek, 20talikni Robbi Fauler 37 o‘yinda, Maykl Ouen esa 39 o‘yinda bosib o‘tgandi. Holbuki, Saloh toza hujumchi emas.

Pochettino «Liverpul»ning «Sevilya» va «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarini kuzatgan, albatta (Klopp shogirdlari ispanlarga qarshi o‘yinda 2 to‘p farqini boy berishgandi, «Siti» bilan o‘yinda esa 4:0 hisobidagi ustunlik 4:3 ko‘rinishiga kelgandi). Shundan kelib chiqib, londonliklar van Deyk va Lovrenga tinchlik bermay, ularni asabiylashtirishga harakat qila boshlashdi. Mehmonlar markazda Jan va Xenderson qarshiligini sindirib hujumga o‘tishdan ko‘ra, qanotlardan hujum uyushtirishni afzal ko‘rishdi.

«Shporlar» ikkinchi bo‘limda «Liverpul» darvozasini ketma-ket nishonga ola boshladi, gol yaqin edi. Hali oldinda yarim soat vaqt bor edi.

Fantastik yakun

Hujumlar soni ko‘paygani sari Lovren ko‘proq xato qila boshladi. Buni ko‘rib turgan Klopp Mane va Xenderson o‘rniga Chemberlen va Veynaldumni maydonga tashlab, raqibni maydon markazidayoq to‘xtatib qolishga urindi. Ammo shu vaqtda Pochettino ham risk qildi va 4 himoyachidan iborat sxemani o‘zgartirdi. Ishonchni oqlamagan himoyachi Sanches ketib, hujumkor Lamela maydonga tushdi. Mehmonlarning va-banki ishonchni oqladi. Qanotlarda Keyn va Son tinmay hujum uyushtirdi, o‘yin yakuniga 15 daqiqa qolganida Klopp himoyani yanada kuchaytirish maqsadida Milner o‘rniga yana bir markaziy himoyachi Matipni tushirdi. Lekin «Liverpul» bu mavsumda hali 3 himoyachi bilan o‘ynab ko‘rmagandi. Natijada, shu zahoti gol o‘tkazildi. 80-daqiqada bir daqiqa oldin maydonga tushgan Vanyama raqib jarima maydonidan chiqib kelgan to‘pni kuch bilan ortiga qaytardi - 1:1. Fantastik zarba!

Bu mantiqan to‘g‘ri manzara edi. «Liverpul» birinchi bo‘limda, kuchga to‘la vaqtida zo‘r o‘ynaydi. «Tottenhem» esa ikkinchi bo‘limda. Javob golidan keyin voqealar rivoji tezlashib ketdi, «Liverpul» yana himoyalarda xatolarga yo‘l qo‘ya boshladi, markazdan kesib uzatilgan pas ofsaydda turgan Keynga himoyachi oyog‘idan yetib keldi va hujumchi raqib darvozaboni o‘z oyoqlariga tashlanishi bilan yiqilib berdi - Jonatan Moss 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Zarbani Keynning o‘zi amalga oshirdi, ammo juda yomon amalga oshirdi. Markazga kuch bilan tepilgan to‘pni hech bir tomonga sakramagan va joyida qolishni ma'qul ko‘rgan Karius qaytarib yubordi.

Yana Saloh! U o‘zini Messidek tutmoqda

Barchasi durangga qarab ketayotgandi, ammo Saloh rozi bo‘lmadi. Ayni vaqtda dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biri bo‘lib turgan misrlik futbolchi raqib jarima maydonida Messini eslatgan holda 4 himoyachini birin-ketin ortda qoldirdi. Loris Saloh qarshisida 4 himoyachi kamlik qilishini anglab, oldinga chiqdi, ammo ulgurmadi, to‘pga birinchi bo‘lib Saloh yetib keldi va darvozani ishg‘ol etdi. U o‘z atrofidagilar orasida o‘zga sayyoralikdek ko‘rinmoqda. Klopp esa maydon chetida ucha boshladi. Mersisaydliklar kelgusi yozda yana bir futbolchisini Ispaniyaga 150 millionga sotishi mumkin.

 

Ammo Salohning gollari «Liverpul»ga g‘alaba keltirmadi. Qo‘shimcha daqiqalarning beshinchisining oxirgi soniyalarida Moss van Deyk «Liverpul» jarima maydonida Lamelani yiqitdi deb topdi. Holbuki, gollandiyalik himoyachi oyoqlarini olib qochishga harakat qilgani yaqqol ko‘rinib turgandi. Hozircha premer-ligada videoarbitrlar joriy etilmadi, shu tufayli bunday penaltilar belgilanaveradi.

Keyn bu safar xato qilmadi - 2:2. Bu Keynning premer-liga o‘yinlarida yubiley - yuzinchi goli bo‘ldi. Klopp shokka tushdi, o‘yindan keyin u hakamlar oldig kelib kulimsiragancha o‘z e'tirozlarini bildirdi. Uning fikricha, bu vaziyatda ko‘r odam ham to‘g‘riroq qaror chiqarardi.

Turnir jadvalida o‘zgarish bo‘lmadi, «kuchli to‘rtlik» uchun boshqa raqiblar xursand bo‘lishi mumkin. «Liverpul» «MYu»ga yaqinlasha olmadi, «Tottenhem» Chelsi»ni quvib o‘tolmadi. Umuman olganda, o‘yin qiziqarli, shiddatli, xatolar va hujumlarga boy kechdi.

Bu o‘yindan keyin quyidagicha ritorik savollar tug‘iladi:
«Tottenhem» — chempionlik uchun yulduzlar yetishmayogan jamoami yoki tajriba yetishmaydimi?

«Liverpul»ning himoyasini la'nat urganmi?

APLda qachon videotakrorlar qo‘llanadi?

Angliyada Salohni kim to‘xtata oladi?

Ko‘proq yangiliklar: