Yuqori tezlikli 5G internet texnologiyasi qishloq xo‘jaligini robotlashtirish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin. Real vaqt rejimida ulanish hisobiga «aqlli kombaynlar» bir biri bilan aloqa qilib, dalalarni bir necha karra tezroq qayta ishlashlari mumkin, deb yozadi ZDNet.
5G texnologiyasi ko‘pincha tayinli qoplanishga ega bo‘lmagan hududlar uchun ishonchli va yuqori tezlikka ega internet o‘tkazish imkoniyatini beradi. Bundan ko‘proq fermerlar yutadi va ular pilotsiz boshqariladigan yuqori unumdorli kombaynlarni ishlatishlari mumkin bo‘ladi. Yangi texnologiya qishloq xo‘jaligiga ma'lumotlarni bulut orqali almashinib, maydonda ishlayotgan boshqa mashinalar bilan aloqani juda tez o‘rnatish imkonini beradi.
«Shunday qilib, sizda bitta hosilni yig‘ayotgan ikkita kombayn bo‘lishi mumkin, — deydi John Deere qishloq xo‘jaligi mashinalari ishlab chiqaruvchi kompaniyaning innovatsion texnologiyalar markazi direktori Julian Sanches. — Biz hozir ma'lumotlar uzatish uchun 30 dan 60 soniyagacha sarflaymiz, bu esa keng miqyosda jarayonni juda sekinlashtiradi».
John Deere vakilining so‘zlariga ko‘ra, 5G joriy etilsa bulut orqali kombaynlar o‘rtasida ma'lumot almashish 1 soniyagacha qisqaradi. Real vaqt rejimida aloqa dala haqida katta axborotga ega bo‘lgan robot-kombaynlar optimallashtirish uchun ma'lumotni boshqa kombaynga jo‘natishi mumkin va har ikki mashina yanada samarador ishlay boshlaydi. Bir yil muqaddam John Deere kompaniyasi sun'iy intellekt bilan shug‘ullanuvchi Blue River startapini sotib oldi, endi esa mashina o‘quvi, kompyuter nazari va robot texnikasini qishloq xo‘jaligi uskunalariga joriy etish ustida ish olib bormoqda.
«2050 yilga borib sayyoramizda to‘qqiz milliard kishi yashay boshlaydi, — deydi John Deere’ning ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha menejyeri Terri Pikett. — Buncha insonni to‘ydirish uchun joriy oziq-ovqat ishlab chiqarilishini 70 foizgacha oshirishga to‘g‘ri keladi. Bu esa haqiqiy poyga degani».
BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib faqatgina oziq-ovqat ishlab chiqarilishini 70 foizga oshirib Yer aholisini to‘ydirish mumkin. Qishloq xo‘jaligi ekinlarining samaradorligini maksimal darajada oshirish uchun Eseye kompaniyasi Burkard Engineering bilan birgalikda zararli mikroorganizmlarni aniqlab topish uchun aqlli datchiklar o‘rnatishni mo‘ljallagan. Hozircha mazkur texnologiya sinovdan o‘tmoqda, biroq yaqin orada u jahon bozorlarida paydo bo‘ladi.