O‘zbekiston qishki olimpiadalarda: tarixga nazar va Pyongchangdan kutilayotgan umidlar

Sport 18:20 / 04.02.2018 23594

9 fevral kuni Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida olimpiya mash'alasi yoqilib, XXIII qishki olimpiada o‘yinlariga start beriladi. 107 davlatdan tashrif buyurgan 3 mingga yaqin sportchilar sportning 7 turi va 15 ko‘rinishida medallar shodasi uchun kurashga kirishishadi.

Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlari ushbu musobaqalarda qanday ishtirok etadi? Umuman, sobiq SSSR tarqalgach, mustaqil bo‘lgan ushbu davlatlar qishki olimpiada o‘yinlarida qanday qatnashib kelishmoqda. KUN.UZ muxlislarga ushbular haqida tahliliy maqolani taqdim etadi.

1992. Albervill. Fransiya

O‘zbekiston, umuman, Markaziy Osiyo davlatlari qishki olimpiada o‘yinlarini 1992 yili Fransiyaning Albervill shahrida bo‘lib o‘tgan XVI o‘yinlarda MDH umumiy jamoasi tarkibida boshlashgan. Umumiy jamoa tarkibida medallarga ega chiqqanlar orasida markaziy osiyolik sportchilar yo‘q. Garchi, mintaqamizdan faqat Qozog‘iston va O‘zbekiston sportchilari umumiy jamoa tarkibiga kiritilgan bo‘lsa-da.

Mustaqil davlat sifatida O‘zbekiston ilk bor 1994 yili Norvegiyaning Lillehammer shahrida bo‘lib o‘tgan qishki olimpiada ishtirok etgan.

1994. Lillehammer. Norvegiya

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston — 29,  O‘zbekiston — 7, Qirg‘iziston atigi bir nafar sportchi bilan ishtirok etgan. Turkmaniston va Tojikiston ushbu olimpiadada ishtirok etmagan. Qozog‘iston 1 ta oltin, 2 ta kumush (medallarning barchasini chang‘i poygasida Vladimir Smirnov qo‘lga kiritgan), O‘zbekiston esa 1 dona oltin medalga ega chiqqan. Ha, fristaylda o‘sha Lina Cheryazovaning afsonaviy saltosi hammaning esida bo‘lsa kerak.

Foto: Lina Cheryazeva / sportportaluz.ru

1998. Nagano. Yaponiya

Markaziy Osiyo yana o‘sha tanish davlatlar Qozog‘iston (60 sportchi),  O‘zbekiston (4) va  Qirg‘iziston (1) bilan ishtirok etdi. Sportchilari safini sezilarli tarzda oshirgan Qozog‘istongina atigi 2 ta bronza medal bilan kifoyalandi. Vladimir Smirnov 15 km masofaga chang‘i poygasida, Lyudmila Prokasheva 5000 metrga tezkor tushishda uchinchi o‘rinni egallashgan. O‘zbekistondan figurali uchishda Tatyana Malinina 8-o‘rinni egallab jamoa ichida eng yuqori natijani ko‘rsatgan.

Foto: Vladimir Smirnov / astanafans.com

2002. Solt Leyk Siti. AQSh

AQShda tashkillashtirilgan XIX qishki olimpiadada Qozog‘iston 50 sportchi,  O‘zbekiston 6 sportchi va  Qirg‘iziston 2 sportchi bilan ishtirok etdi. Tojikiston ilk bora qishki olimpiadalarda yagona sportchisi bilan debyut qildi. Chang‘ichi Andrey Drigin keyinchalik yana ikki olimpiadada Tojikiston sharafini himoya qiladi. AQShda o‘tgan mazkur olimpiada Markaziy Osiyo davlatlaridan biror sportchi shohsupaga ko‘tarilmagani bilan yodda qolgan.

Foto: Andrey Drigin / rferl.org

2006. Turin. Italiya

Italiyada o‘tgan XX qishki olimpiadada Qozog‘iston 56 sportchi,  O‘zbekiston 4 sportchi, Tojikiston va Qirg‘iziston 1 nafardan sportchi bilan ishtirok etishdi. Turindan ham Markaziy Osiyodan borgan sportchilar medalsiz qaytishdi. Yaponiyalik sportchi Shizuka Arakava figurali uchishda mamlakatiga yagona, bo‘lib ham oltin medalni olib bergani bilan yodda qolgan olimpiada.

Foto: Shizuka Arakava / gettyimages.com

2010. Vankuver. Kanada

XXI qishki olimpiadada Markaziy Osiyodan borgan sportchilarning «cho‘g‘i» pasaya boshladi. Qozog‘iston 38 sportchi, O‘zbekiston 3 sportchi, Qirg‘iziston — 2 va Tojikiston 1 nafar sportchi bilan ishtirok etdi. Faqatgina Qozog‘iston vakili Yelena Xrustalyova biatlonda ayollar individual poygasida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Foto: Yelena Xrustalyova / eurosport.com

2014. Sochi. Rossiya

Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan, ayni paytda mashmashalar bilan eslanayotgan XXII qishki olimpiadada Qozog‘iston 52 sportchi, O‘zbekiston 3 sportchi, Qirg‘iziston va Tojikiston 1 nafardan sportchi bilan ishtirok etishdi. Qozog‘iston vakili Denis Ten figurali uchishda erkaklar yakkalik bahsida bronza medalga ega chiqdi.

Foto: Denis Ten / baltimoresun.com

2018. Pyongchang. Janubiy Koreya

Foto: Pyongchangdagi olimpiya stadioni / imgur.com

Pyongchangda bo‘ladigan XXIII olimpiadada Qozog‘iston 43 sportchi, O‘zbekiston 2, Qirg‘iziston esa yagona sportchi bilan ishtirok etishni mo‘ljallamoqda. Alohida qayd etib o‘tish kerakki, Markaziy Osiyo davlatlaridan Turkmaniston hech qachon qishki olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmagan.

Pyongchangda O‘zbekistondan Komiljon To‘xtayev tog‘ chang‘isi sportining gigant slalom turida, Misha Ge esa erkaklar yakkalik figurali uchish sport turida maydonga chiqishadi. Ayni paytda O‘zbekistonda sportning qishki turlarini rivojlantirishga ham katta e'tibor berilmoqda. Toshkentda muz sporti saroyi qurilmoqda. Shunday saroy Samarqandda ham barpo etilishi rejalashtirilgan. O‘zbekistonda ham xokkey jamoalari tashkil etiladi. O‘tgan yildan boshlab figurali uchish sport turi bo‘yicha federatsiya faoliyat ko‘rsata boshladi. Tog‘ chang‘isi, fristayl kabi sport turlarini rivojlantirish uchun mamlakatimizda salohiyat katta.

Ishonamizki, kelgusida qishki olimpiadalarda Cheryazeva jasoratini takrorlovchi sportchilar o‘zbek zaminidan yana va yana chiqaveradi. Hozircha Komiljon va Mishaga katta musobaqada zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Foto: Misha Ge / Fcc2018taipei.com

 

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: