Yangi standartdagi xotira smartfonlar tezligini ikki baravarga oshiradi

Fan-texnika 01:19 / 03.02.2018 8986

JEDEC muhandislik standartizatsiyasi qo‘mitasi portativ qurilmalar uchun UFS 3.0 — yangi flesh-xotira standartini namoyish qildi. Engadget nashrida yozilishicha, u 2.1 versiyasi o‘rniga keladi, standart gadjyetlarga 23,2 Gbit/s tezlikdagi xotiraga ega bo‘lish imkonini taqdim etadi. 

Bunday tezlik smartfon resruslariga ortiqcha og‘irlik tushirmay 60 k/s chastotali 4K videolarni yozish uchun yetarli. Shu bilan birga, yangi standart energosamaralidir, uning ishchi harorati diapazoni esa 40 daraja sovuqdan 105 daraja issiqqacha. Bu xotiraning yangi turidan eng ekstremal sharoitlarda ham foydalanish mumkinligini ko‘rsatadi. Manbada ta'kidlanishicha, harorat bilan bog‘liq takomillashuv avtomobil ishlab chiqaruvchilari tomonidan iliq kutib olinadi. Ular bu standartdagi xotirani o‘z avtomobillariga ma'lumotlarni yo‘qotishdan qo‘rqmay o‘rnatishlari mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda yangi standart mexanizmlarning qator sug‘urtalovchi ma'lumotlarini ham ko‘zda tutadi. 

"UFS 3.0, UFSHCI 3.0 va UFS kartalarining yangilanishi bu standartlarning avvalgi versiyalariga qaraganda qator takomillashuvlarni taklif etadi. Bu imkoniyatlar mahsulotlar ishlab chiqaruvchilariga mobil qurilmalar va ular bilan bog‘liq ilovalar faoliyatini sezilarli darajada yaxshilashga yordam beradi. Avtomobil bozori uchun maxsus ishlangan funksiyalarning qo‘shilishi esa shu soha va iste'molchi ehtiyojlarini qoniqtirish uchun JEDEC a'zolarining UFS ekotizimining keyingi rivojiga sodiqligini tasdiqlaydi", - deydi JEDEC boshqaruvi raisi Mian Quddus.

UFS — flesh-xotira standartlaridan biri. Aytishlaricha, u eMMC va SSD standartlari o‘rtasida. Hozirda u smartfonlarning qimmatbaho flagman modellarida qo‘llanilmoqda. Standartning birinchi versiyasi 2011 yilda taqdim etilgan. O‘shandan buyon qo‘mita standartlarning yangi versiyalarini ishlab chiqadi, ularning so‘nggisi 2.1 versiyasi edi.

2016 yilda Samsung aynan shu standartni qabul qilib, 32, 64, 128, va 256 GB UFS-kartalarini namoyish qilgan. Samsung UFS-fleshkalarining o‘qish tezligi soniyasiga yarim gigabaytni tashkil qiladi, bu microSD formatidagi eng zamonaviy flesh-kartalardan besh karra tezroq. 

UFS 3.0'ning barcha afzalligi hozircha nazariy. Bu standartni qo‘llab-quvvatlovchi qurilmalar hali ishlab chiqarilganicha yo‘q. Biroq ular shu yilning oxiri yoki kelgusi yilning boshiga borib bozorda paydo bo‘lishi kutilmoqda. 

 

Ko‘proq yangiliklar: