29.01.2018 yildagi O‘RQ–463-son Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksga (JPK) shunday o‘zgartishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.uz.
Eslatib o‘tamiz, JPKning 13-moddasi jinoyat ishlarini hay'atda va yakka tartibda ko‘rib chiqish prinsipini belgilaydi. Hozir ular, jinoyatning og‘irligiga qarab, birinchi instansiya sudi tomonidan quyidagicha ko‘riladi:
• bitta professional sudya (raislik qiluvchi) va ikkita xalq maslahatchisi tarkibidagi hay'atda – og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar;
• sudya tomonidan yakka tartibda – ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar.
1.04.2018 yildan keyin og‘ir jinoyatlar birinchi instansiya bo‘yicha bitta professional sudya tomonidan, ya'ni yakka tartibda ko‘riladi. Xalq maslahatchilari faqat o‘ta og‘ir jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga jalb etiladi.
Ma'lumot uchun. Birinchi instansiya sudi – har doim ham jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi bo‘lavermaydi. JPKning 389-moddasiga muvofiq bir qator jinoyatlar tarkiblari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston jinoyat ishlari sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, hatto Oliy sud ana shunday sud bo‘lishi mumkin.
Bunda Oliy sud birinchi instansiya bo‘yicha jinoyat ishlarini doim 3 nafar sudya tarkibida ko‘rib chiqadi.
Hujjat 1.04.2018 yildan kuchga kiradi.