New Radio aloqa standarti batamom dekabrda tasdiqlangan bo‘lsa-da, Yaponiyaning eng yirik provayderi NTT DoCoMo bu standartni yetkazib beruvchi kompaniyani topdi. Bunda tanlov ravshan edi – NTT 2014 yildan beri Nokia bilan 5G-stansiyalarni sinovdan o‘tkazadi. To‘laqonli stansiyalar tarmog‘i 2020 yilgi Olimpiada oldidan ishlay boshlaydi va nafaqat abonentlarga, balki millionlab sensor va aqlli uylarga xizmat ko‘rsatadi.
Dekabrda Iokogamada 5G tarmoqlari muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgani ma'lum qilingan. O‘shanda ma'lumotlarni harakatlanayotgan mashinadagi terminalga uzatish tezligi 2 Gbit/soniyani tashkil qilgan. Bunday tarmoq WiFi o‘rnini bosishi va kelajak shaharlarining barcha ehtiyojlarini ta'minlashi mumkin. Bundan tashqari, 5G javob berishga kamroq vaqt bilan bir vaqtda ko‘proq ulanishlarga xizmat ko‘rsata oladi.
5G’dan tijoriy maqsadda foydalanish 2020 yilda boshlanishi kerak. Tokio aglomeratsiyasida xizmatlar Olimpiada arafasida taqdim qilinadi, keyin esa sekin-asta yangi standart bilan butun mamlakat qamrab olinadi.
NTT yangi tarmoqlarning nafaqat yuqori tezligidan foydalanmoqchi. Reuters axborot agentligining yozishicha, 5G bir vaqtda “million va milliardlab” simsiz sensorlarga xizmat ko‘rsata oladi. Shu sababli ushbu texnologiya haydovchisiz avtomobillar, sanoatda avtomatlashuv va aqlli uylarni keng tatbiq qilish uchun zamin yaratadi.