O‘z vazifasini uddalay olmagan robot ishdan bo‘shatildi

Fan-texnika 00:00 / 23.01.2018 7214

Shotlandiyadagi Margiotta supermarketlar tarmog‘ining flagman do‘konida xaridorlarga xizmat ko‘rsatuvchi Fabio ismli robot bir hafta ishlaganidan so‘ng ishga yaroqsizligi va xaridorlarning cho‘chishi sabab ishdan bo‘shatildi. BBC shu haqida xabar berdi. 

Pepper modelidagi robotlar turli sohalarda keng qo‘llanib kelinadi: yapon robotlari shu kunga qadar pitssa yetkazib beruvchi, ekskursiyachi va maslahatchi bo‘lib ishlab kelmoqda. 

Fabio shotland do‘konida xaridorlarga kerakli ma'lumotlarni taqdim etishi, tovarlarni reklama qilishi va ularni qayerdan topish mumkinligini aytishi kerak edi. Margiotta tarmog‘i egalarining ta'kidlashicha, "ilk hissiy robot" deya ta'riflanuvchi Pepper barchani o‘zining hazillari va quchoqlashish taklifi bilan rom etgan. 

Shunga qaramay, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifalarini uddalay olmagan. Manbaga ko‘ra, robot befoyda va umumiy javoblar qaytargan: masalan, "Pishloq qayerda?" degan savolga muzlatgichdan izlab ko‘rishni maslahat bergan. Batafsil ma'lumot bera olmagan. Shu bilan birga, do‘kondagi shovqin sabab mijozlar savolni bir necha marta takrorlashlariga to‘g‘ri kelgan - Pepper shovqin-suronda so‘zlarni farqlay olmay qolgan. 

Bir necha kundan keyin Fabioni go‘sht bo‘limiga o‘tkazishgan, biroq bu yerda ham u odam-sotuvchilarga yengilgan: ular 12 xaridorga xizmat ko‘rsatib ulgurgunga qadar yapon roboti atigi ikki kishiga xizmat qilgan. 

Oxir-oqibat Margiotta tarmog‘i egalari mijozlar "hissiyotli robot"ni chetlab o‘tishayotganini sezishdi. Uni "ishdan bo‘shatib", tajriba doirasida Pepper'ni taqdim etgan Heriot-Watt universitetiga yo‘llashdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, do‘kon xodimlari bir hafta ichida Fabioga o‘rganib qolishgan, ulardan biri robot olib ketilayotganda hatto yig‘lagan ham.

Ko‘proq yangiliklar: