NASA va Boeing qanotlari bukuluvchi samolyotni yaratish ustida ishlashmoqda

Fan-texnika 09:50 / 23.01.2018 7331

NASA agentligining fikricha, bukuluvchi qanotlar kelajakdagi muhim aviatsiya texnologiyasi hisoblanadi. Bu texnologiyani amalga oshirish uchun “shakl xotirasi”ga ega yengil material talab etiladi. Spanwise Adaptive Wing (SAW) loyihasi muhandislari aynan shunday qotishma yaratishdi, u og‘ir gidravlik tizimlarsiz samolyot qanoti shaklini parvozda o‘zgartirish imkonini beradi.

Muammo shundaki, qanotni o‘zgartiruvchi gidravlik mexanizmlar og‘ir, katta va energiya ko‘p iste'mol qiladi, uning ustunliklari kamchiliklaridan ko‘p emas. Shu sababli NASA’ning bir nechta tadqiqot markazlari hamda Boeing Research & Technology va Area-I kompaniyalari gidravlika va motorlarni 80 foizga yengilroq, “shakl xotirasi”ga ega qotishmalardan tayyorlangan va tezligi tovushgacha, tovush atrofida va tovushdan yuqori bo‘lgan samolyotlarda qo‘llashga yaroqli bo‘lgan privodlar bilan almashtirish imkoniyatini o‘rganishga tushdilar. 

Yaqinda NASA masofadan boshqariluvchi tadqiqot prototipi PTERA’ning parvoz sinovlarini o‘tkazdi. Bu prototip uchlari parvoz vaqtida pastga va yuqoriga 0 gradusdan 70 gradusgacha harakatlana oladigan qanotlar bilan jihozlangan. Uglerod kompozitdan tayyorlangan, murakkab telemetriya va datchiklar bilan jihozlangan parvoz qurilmasi qanoatlari 0 gradus, 70 gradus pastga va 70 gradus yuqoriga qilib doiraviy trayektoriya bo‘yicha uchirilgan.

Qanoatlarni harakatlantirgan privodlar quvurlari tashqi ta'sirlarga (ko‘pincha, haroratga) javob beruvchi va dastlabki holatiga qayta oluvchi “shakl xotirasi”ga ega qotishmadan tayyorlangan. Bu esa, misol uchun, qotishmaning bo‘lagini olib uni qayirib, so‘ngra qizdirsa, u yana avvalgi holatiga qaytishini anglatadi.

NASA’ning fikricha, qanotlarni bukish imkoniyati vaqti kelib uzunroq va ensizroq qanotlar, stabilizatorlar va dum qanotlariga ega, yengil va sodda samolyotlarni yaratishga imkon beradi. Bu nafaqat yonilg‘i sarfini kamaytiradi, balki ba'zi havo sharoitlaridan “aziyat chekish” o‘rniga ularning ustunliklaridan foydalanish imkonini beradi. 

Rekord darajadagi “shakl xotirasi”ga ega polimer xitoylik mutaxassislar tomondan yaratilgan. Qog‘ozdan yasalgan qayiqcha 60 daraja haroratga ega suvga tushirilganda ikki soniya ichida turna-origamiga aylangan.

 

Ko‘proq yangiliklar: