2018 yilning 21 yanvar kuni Rocket Lab xususiy kompaniyasi birinchi marta Electron raketasini muvaffaqiyatli ishga tushirdi va uch kichik sun'iy yo‘ldosh ko‘rinishidagi foydali yukni orbitaga olib chiqdi. Rocket Lab xabarida shu haqida ma'lum qilindi.
Start yakunlariga ko‘ra, uch tijorat sun'iy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqilgan — Yer sathini tasvirga olishga mo‘ljallangan Dove Pioneer va dengiz kemalari va metereologik tadqiqotlarni kuzatishga yo‘naltirilgan ikki Lemur-2.
Bu Amerika-Yangi Zelandiya kompaniyasining ikkinchi test sinovi. Birinchisi 2017 yilning may oyida bo‘lib o‘tgandi, biroq raketaning ikkinchi bosqichi telemetriya tizimidagi nosozlik tufayli mo‘ljaldagi orbitaga chiqa olmagandi.
Rocket Lab ikkinchi start uchun tijoriy yukni qo‘llashga qaror qildi. Start dastlab 2017 yilning 8 dekabriga mo‘ljallangandi, lekin bir necha marta kechiktirilgandi.
200 nafarga yaqin kishi faoliyat yurituvchi Rocket Lab 2012 yildan buyon Electron'ni ishlab chiqarmoqda. Kompaniya dvigatellar va elektron komponentlarni AQShda ishlab chiqaradi, biroq qolgan qismlar raketalar yig‘iluvchi Yangi Zelandiyada quriladi.
Rocket Lab'ning maqsadi — kichik startlar uchun tez-tez qo‘llash mumkin bo‘lgan uncha qimmat bo‘lmagan yengil raketalarni ishlab chiqarish. Hozirda kichikroq buyurtmachilar nisbatan katta raketalarning startlarini kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda, ularning grafigi esa asosiy mijozning istagiga qarab o‘zgarishi mumkin.
Rocket Lab prognozlariga ko‘ra, Electron startining qiymati 5 million dollarga yaqinni tashkil qiladi. Raketa past yer orbitasiga 225 kilogrammgacha bo‘lgan yukni olib chiqa oladi. Taqqoslash uchun, Ilon Maskka qarashli SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketasining birgina starti 62 million dollarga to‘g‘ri keladi, biroq u 22,8 tonnagacha bo‘lgan yukni past yer orbitasiga olib chiqishi mumkin.
Rocket Lab hisob-kitoblariga ko‘ra, Electron raketalari deyarli barcha tijoriy, ilmiy va harbiy sun'iy yo‘ldoshlarning uchdan ikki qismini o‘z zimmasiga olishi mumkin. Kompaniyaga kiritilgan sarmoyalar 100 million dollarga yaqinni tashkil qilmoqda. Rocket Lab raqiblari — Richard Brensonning Virgin Galactic LLC startapi, shuningdek Hindiston va Braziliya kompaniyalari.