Xitoyning kvant sun'iy yo‘ldoshi ikki yil avval orbitaga olib chiqilgandi. O‘shandan beri sun'iy yo‘ldosh bir qator tajribalarni o‘tkazishda yordam berdi, o‘tgan yozda esa Yerda bir-biridan minglab kilometr uzoqlikda joylashgan uchta stansiyaga ma'lumot uzata oldi.
Kuni-kecha xitoylik fiziklar yana bitta rekord natijani qayd qilishdi: ular Avstriyaning Grats va Xitoyning Sinlun shaharlari o‘rtasidagi himoyalangan kanal orqali ma'lumotlar uzata olishdi. Shaharlar orasidagi masofa esa 7 ming km.dan ko‘proqni tashkil qiladi.
Ma'lum qilinishicha, tajribadan maqsad bu tarmoqning ishlay olishini namoyish qilishdan iborat bo‘lgan. Ular ma'lumotni oldin bir tomonga, keyin ortga uzatishgan. Bu esa yaqin kelajakda xitoylik muhandislar qit'alararo kvant tarmog‘ini loyihalay olishlari va uni ma'lumotlarni uzatishda qo‘llay olishlarini anglatadi. Avstriya tomondan tajribada ishtirok etganlarning aytishicha, bu to‘laqonli kvant internetini yaratish uchun yangi imkonlarni ochadi.
Kvant chalkashlik tufayli bunday ma'lumot uzatishni buzib kirib bo‘lmaydi, shu sababli ma'lumotlarni qo‘lga kiritish yoki tinglash imkoniyati istisno qilingan. Olimlarning fikricha, kvant texnologiyalari kelgusida keng qo‘llanadi.