AQShning Alyaska shtatida joylashgan Q-Stick startapi o‘z sinfida eng kuchli kompyuter deb atalgan Q-Stick kompyuter-brelogini taqdim qildi. Gadjyetni ishlab chiqarish uchun pul to‘plash kampaniyasi Indiegogo saytida o‘tkazilmoqda.
Qurilma turli operatsion tizimlarni, jumladan Windows, Linux yoki Android’ni yuklay oladi. Yangi qurilma Blaze Plus va Blaze Pro variantlarida sotuvga chiqariladi.
Blaze Plus varianti Atom x7-Z8700 protsessori bilan jihozlanadi. Protsessor 4 ta 64 bitli Airmont yadrolarini, 8-avloddagi Intel grafik protsessorini va 2 kanalli xotira kontrollyori LPDDR3’ni o‘z ichiga oladi. Protsessorning takt chastotasi 1,6 GGts ni tashkil qiladi.
Qurilmaning Blaze Pro varianti Atom x7-Z8750 protsessorida ishlaydi. Qurilma 128 Gb doimiy xotiraga ega, uni microSD kartalari yordamida 256 Gbgacha yetkazish mumkin. Gadjyetda aloqa uchun Bluetooth 4.1 va WiFi 802.11n/ac funksiyalari mavjud. Grafika uchun Intel HD Graphics 405 chipi javob beradi.
Gadjyetning ustunliklari sifatida uning 7 soniyadan kamroq vaqt ichida yoqilishi, energiya tejovchi texnologiyasi, HDMI 2.0 yordamidda 4K Ultra HD sifatdagi videoni uzatish imkoniyatini keltirish mumkin.
Gadjyetning standart varianti Q-Stick Blaze Plus 130 dollar, Pro versiyasi esa 179 dollardan sotuvga chiqariladi.