Hojatxona muammosi martgacha hal bo‘ladi, biroq kanalizatsiya qimmat turadi

Jamiyat 19:55 / 18.01.2018 31210

KUN.UZ tahririyati Bekobod tumani Zafar shaharchasi Guliston MFY Usmon Nosir ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardagi kommunal holat, turarjoy binolari atrofidagi sanitar vaziyat, kanalizatsiya va ayniqsa hojatxona muammosi haqida o‘tgan yil sentabr oyining oxirida maqola e'lon qilgan edi. 

Tahririyat maxsus muxbirlari yuqoridagi masalalar qanchalik ijobiy hal etilganini tekshirish maqsadida Zafar shaharchasiga yana bordi. 

Foto: Kun.uz

Joyiga borganimizda ochig‘i o‘zgarishlarni sezmadik. Birgina eski, yaroqsiz, foydalanilmayotgan, hamon atrof-muhit sanitar holatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatishda davom etayotgan hojatxonaning tashqi tomoni oqartirilgani va yangi hojatxona uchun mo‘ljallangan handaqning kovlangani, atrofi beton qilinganini aytmasak. 

Shu yerda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan suhbatlashganimizda tuman hokimi kelib aholi bilan uchrashgani, biroq kanalizatsiya masalasini ijobiy hal etish juda katta mablag‘ turishi evaziga qisqa davrda hal bo‘lmasligini ochiq aytganini bildirishdi. Yangi hojatxona qurish bu yilgi rejaga kiritilgani va handaq kovlanganini aytishdi. Ushbu bino qurib bitkazilganidan so‘ng, o‘zboshimchalik bilan qurilgan hojatxonalar buziladi, hovli va atrofi tozalanib, bolalar maydonchalari barpo etilishiga hokimlik va'da berishganini ta'kidlashdi.

Foto: Guliston MFY raisi Ilhom Boltaboyev/Kun.uz

Guliston MFY raisi Ilhom Boltaboyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi hojatxona erkak va ayollar uchun 2 tadan 4 tuynukli bo‘ladi. Atrofdagi 10 ta 2 qavatli uyda 130 atrofida fuqaro istiqomat qilishi e'tiborga olinsa, bu kamlik qilmaydimi, degan savolimizga, ko‘pchilik xonadonlariga hojatxona o‘rnatib olganlari sababli, hamma ham tashqariga chiqmasligini, uyiga o‘rnatmaganlarga yetarli ekanini aytdi. 

Foto: Kun.uz

Biz mahalladagi 2-maktabgacha ta'lim muassasasi va 7-o‘rta ta'lim maktabida ham bo‘lib, kuz-qish mavsumi qanday o‘tayotgani bilan qiziqdik. Rostini aytish kerak, balki shahar markazi bo‘lgani sababdir, ushbu ikki muassasadagi ahvol o‘rnak olsa arzigulik. Asosiysi kelajak avlod issiq xonalarda barcha imkoniyatlar va sharoitlarda tarbiyalanmoqda. 

Guliston MFYda faol tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi kishilar bor-yo‘qligini so‘raganimizda, o‘zining kichikkina hovlisida issiqxona, uning yonida bo‘rdoqi novvoslar boqishni yo‘lga qo‘ygan, davlat kredit olib, parranda ham boqayotgan Mahamatjon Qodirov hovlisini ko‘rsatishdi. 

Foto: Kun.uz

To‘g‘risini aytish kerak, Mahamatjon aka xonadonida bo‘lganimizda, uning o‘zi va o‘g‘li ham mehnatda o‘sib, ulg‘aygani, mehnatdan qochmasligini ko‘rishganimizdagi qadoq qo‘llari isbotladi. Uning bir parcha yerning ham qadri yetishi darvozaxonasiga kiraverishdagi yerga ham sarimsoq piyozni qadaganidan bilish mumkin. O‘g‘lining aytishicha, Mahamatjon aka qo‘shni hovlidagi ortiqcha yerga ham yomon ko‘rinmasligi uchun bug‘doy sepib qo‘ygan. 

Ta'kidlash lozimki, bir mahallada ikki xil holatga duch keldik. Birida 10 dan ortiq 2 qavatli binodagi insonlarning aksari kanalizatsiya va hojatxona muammosidan qiynalishayotgan, ularning arzi 2017 yil avgust oyidan buyon (kanalizatsiya qimmat ekan, uni qo‘ya turaylik, salkam 5 oyda 2 metrga 4 metrlik hojatxona barpo qilishga imkon topilmagani tushunarsiz) hal etilmagan bo‘lsa, Mahamatjon aka xonadonida ko‘pchilik o‘rnak olsa arzigulik ishlar yo‘lga qo‘yilgan. 

KUN.UZ tahririyati Bekobod tuman hokimligi shu yilning mart oyiga qadar yangi hojatxonani foydalanishga topshirib, eski hojatxonalarni yo‘q qilishiga ishonch bildirib qoladi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Ko‘proq yangiliklar: