2017 yilning to‘rtinchi choragida Apple korporatsiyasining AQSh smartfonlar bozoridagi ulushi 10 foizga oshdi. 9to5mac CIRP'ning shu haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi. Manbada keltirilishicha, bunda iPhone X asosiy rolni o‘ynagan.
2017 yil dekabr oyi oxirlariga borib AQShdagi iPhone sotuvlari umumiy hisobdan 39 foizni tashkil qilgan, sentabrda esa bu ko‘rsatkich 29 foizni qayd etgan. CIRP hammuassisi va sherigining ma'lum qilishicha, Apple'ning o‘z vatani bozoridagi o‘sishida kompaniyaning uch yangi smartfoni, ayniqsa iPhone X katta ahamiyat kasb etgan.
Yangi smartfon foydalanuvchilarni o‘z brendidan tashqari yangilangan dizayni va yangi texnologiyalari, xususan yuzdan taniy oluvchi Face ID tizimi bilan ham jalb qildi.
Tahlilchilar bu "olma" kompaniyasi uchun katta yutuq ekaniga ishonch bildirishmoqda. Xuddi shu davrda Samsung ulushi o‘z sotuvlari umumiy sonidan 32 foizga yetgan. Shu tariqa Apple 7 foiz farq bilan AQSh smartfonlar bozoridagi yetakchiligini saqlab qoldi.