Koreya xalq demokratik respublikasida Naenara nomida avtomobil ishlab chiqariladi. Ushbu brend ostida qator qulayliklarga ega yengil mashinalar xaridorlarga yetkazib beriladi. Bu haqda tarixchi, tarjimon va KXDR qonunlari ma'lumotlar bazasini tashkil etgan Martin Viser Twitter sahifasida ma'lum qildi.
Korxona rejalariga yo‘lovchi avtomobillar, ixcham va o‘rta o‘lchamdagi avtobuslar, uncha katta bo‘lmagan yuk mashinalari ishlab chiqish kiradi. Modellarga o‘rnatiladigan motorlar quvvati 74 dan 108 ot kuchigacha ega bo‘ladi.
Ularga havoni sovutgichlar, elektr oyna ko‘targichlar, rul boshqaruvini kuchaytirgichlar, orqani ko‘rsatuvchi yonoynalarni elektr moslash, parktronik va hatto Start/Stop tizimi o‘rnatiladi.
Ishlab chiqaruvchilarning rejalariga binoan avtomobillar va avtobuslar bir km masofaga 42-50 gr yoqilg‘i sarflaydi. Yuk mashinalarining bu boradagi ko‘rsatkichi 58 gr.ni tashkil etadi. Biroq aynan qanday yoqilg‘i qo‘llanilishiga oydinlik kiritilmagan. Avtomobillarning eng yuqori tezligi soatiga 120-180 km.ni tashkil etadi.
Ma'lumki, KXDRda transport vositalari ishlab chiqaruvchi bir nechta korxonalar faoliyat yuritadi. Ularda asosan yuk mashinalari, jamoat transporti yoki yo‘ltanlamaslar ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, Janubiy va Shimoliy Koreya ishtirokidagi Peonghwa Motors qo‘shma korxonasi yo‘lovchi avtomobillari ishlab chiqaradi.