Yevropaning mustaqil sinovlar (krash-testlar) o‘tkazuvchi (Euro NCAP) tashkiloti 2017 yilning eng xavfsiz avtomobillarini ma'lum qildi.
Tashkilot saytida ta'kidlanishicha, g‘oliblar 6 ta yo‘nalish bo‘yicha aniqlandi, chunki turli sinfdagi avtomobillarni xavfsizlik nuqtai nazaridan baholashning iloji yo‘q.
Reytingni tuzishda mutaxassislar katta yoshli yo‘lovchilar va bolalar xavfsizligi, piyodalar xavfsizligi darajasi va avtomobilning konstruktiv hamda ekspluatatsion xususiyatlarini ko‘zda tutuvchi “faol xavfsizlik” tizimini hisobga olishdi.
2017 yilda tashkilot 70 ta yangi va reystayling qilingan modelni sinovdan o‘tkazdi.
Hashamatli avtomobillar sinfida Volkswagen Arteon eng xavfsizi deb topildi. Mashinada katta yoshli yo‘lovchilarning himoyalanganlik darajasi 96 foizga, bolalarniki 85 foizga, piyodalarniki 85 foizga, faol xavfsizligi 82 foizga baholangan.
“Ixcham krossover” toifasida sinovlarda o‘zini Volvo XC60 eng yaxshi namoyish qildi. Mutaxassislar mashinada katta yoshli yo‘lovchilarning himoyalanganlik darajasini 98 foizga, bolalarnikini 87 foizga, piyodalarnikini 75 foizga, faol xavfsizligini 95 foizga baholashgan.
“Mini-krossover” toifasida Volkswagen T-Roc eng xavfsiz mashina deb topildi. Mutaxassislar mashinada katta yoshli yo‘lovchilarning himoyalanganlik darajasini 96 foizga, bolalarnikini 87 foizga, piyodalarnikini 79 foizga, faol xavfsizligini 71 foizga baholashgan.
V-sinfda Volkswagen Polo eng xavfsiz deb topildi. Mashinada katta yoshli yo‘lovchilarning himoyalanganlik darajasi 96 foizga, bolalarniki 85 foizga, piyodalarniki 76 foizga, faol xavfsizligi esa nisbatan past – 59 foizga baholangan.
“Kompaktven” toifasida Opel Crossland X eng xavfsiz deb topildi. Unda katta yoshli yo‘lovchilarning himoyalanganlik darajasi 85 foizga, bolalarniki 84 foizga baholangan, biroq piyodalarning xavfsizligi va faol xavfsizligi nisbatan past baholangan: mos ravishda 62 va 57 foiz.
“Kichik oilaviy avtomobil” toifasida Subaru’ning birdaniga ikkita modeli xavfsiz deb topildi: Impreza va XV. Mutaxassislar Subaru Impreza’da katta yoshli yo‘lovchilarning himoyalanganlik darajasini 94 foizga, bolalarnikini 89 foizga, piyodalarnikini 82 foizga, faol xavfsizligini esa 68 foizga baholashgan. Subaru XV ham deyarli Impreza kabi ko‘rsatkichlar namoyish qildi, faqatgina piyodalar himoyalanganligi 84 foizga baholangan.