O‘zbekiston 2018 yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun 5778 dona texnikani sotib oladi. Davlat rahbari 4 yanvar kuni «Qishloq xo‘jaligini texnik jihozlashni yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Qarorda ta'kidlanishicha, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi «O‘zagrotexsanoatholding» AJ bilan birgalikda zamonaviy haydaladigan va chopiq traktorlari, g‘alla o‘radigan kombaynlar, pluglar, seyalkalar va 2018 yilda bahorgi agrotexnika ishlarini amalga oshirish uchun boshqa qishloq xo‘jaligini texnikasi yetkazib berish bo‘yicha birinchi navbatdagi ehtiyojlarni aniqladi. Unga ko‘ra, hammasi bo‘lib 5 778 dona texnika xarid qilinadi, jumladan 758 ta haydaladigan, 1 500 ta chopiq traktori, 330 ta bog‘dorchilik maqsadlaridagi traktor, 2 790 ta osma va tirkamali qishloq xo‘jaligi texnikasi, shuningdek boshoqli don ekinlari hosilini yig‘ib olish mavsumi boshlanishiga 400 ta g‘alla o‘rish kombaynini sotib olish mo‘ljallangan.
Xususan, «Jon Diir», «Belarus», T-7060, T-6070 traktorlarini, CASE, Vektor, Dominator 130 g‘alla o‘rish kombaynlarini, pluglar, seyalkalar, purkagichlar, kultivatorlar va hokazolarni xarid qilish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish «Agrobank» ATB kreditlari, fermer xo‘jaliklari va mashina-traktor parklarining o‘z mablag‘lari, shuningdek, «O‘zagrotexsanoatholding» AJ va «O‘zagroservis» AJ mashina-traktor parklariga taqdim etiluvchi kreditlar hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston rahbari «Agrobank» ATBga «O‘zagroservis» AJ tarkibiga kiruvchi fermer xo‘jaliklari va mashina-traktor parklariga 10 yillik muddatga yillik 5 foizlik stavka bilan, «O‘zagrotexsanoatholding» AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar kafolati ostida kreditlar berishni tavsiya etdi.
«Agrobank» ATB va «O‘zagroservis» AJga olingan mablag‘lar hisobidan 2018 yilning 20 yanvaridan kechiktirmay «O‘zagrotexmash» AJ tashkilotlariga qishloq xo‘jaligini texnikasi qiymatining 70 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda avans berishi vazifasi topshirildi.
Prezident «O‘zagrotexsanoatholding» AJ, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining «O‘zagrotexsanoatholding» AJ tarkibiga kiradigan mashina-traktor parklarining byudjyet va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar bo‘yicha 2018 yil 1 yanvar holatidagi qarzdorliklarini 2 yilga kechiktirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berdi.