General Electric kompaniyasining bo‘linmasi hisoblanuvchi GE Aviation kompaniyasi Cessna turidagi yengil samolyotlar uchun mo‘ljallangan, 30 foiz qismi 3D-printerda bosilgan turbovintli dvigatelni sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Aviadvigatelning yaratilishida AQSh, Italiya, Polsha va Chexiyadan 400 ga yaqin muhandis va dizaynerlar ishtirok etishdi.
Ma'lum qilinishicha, 3D-bosma dvigatelning 855 ta alohida detallari o‘rniga bor-yo‘g‘i 12 ta alohida yaxlit blokni olishga imkon berdi.
Advanced Turboprop (ATR) deb nomlangan bu dvigatel o‘z turidagi an'anaviy aviadvigatellardan 45 kg ga yengilroq chiqqan. Ushbu dvigatellarni Cessna Denali kabi kichik o‘lchamli samolyotlarga o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy 3D-printerlar nafaqat plastik bilan, balki metall va keramika kabi materiallar bilan bosishga imkon beradi. Yangi dvigatel ham titan qotishmasi yordamida bosilgan.
Aviadvigatelni tezroq yaratish uchun kompaniya bir vaqtning o‘zida bir nechta ilg‘or texnologiyani qo‘lladi, buning evaziga aqlbovar qilmas natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lindi. Mutaxassislar detallar sonini 70 martaga (855 tadan 12 tagacha), dvigatel og‘irligini 45 foizga kamaytirishga va buning evaziga quvvatini 10 foizga oshirishga hamda yoqilg‘i sarfini 20 foizga kamaytirishga, dvigatel ishlab chiqilishi vaqtini 5 martaga – 10 yildan 2 yilgacha kamaytirishga muvaffaq bo‘lishdi. Loyiha rahbari Pol Korkerining aytishicha, bu hodisa GE Aviation faoliyatidagi buriluvchi on bo‘ladi. U 3 yildan keyin samolyotlar kamida 75 foizga 3D-printerda bosilgan qismlardan iborat bo‘lishiga ishonchi komilligini aytdi.
Kompaniya dvigatellarni ommaviy ishlab chiqarishdan oldin 10 ta sinov prototipini yaratishni rejalashtirmoqda. Bunday dvigatelli samolyotning ilk parvozi 2018 yilda amalga oshishi mumkin.